
O‘zbekistonda benzinli avtomobillar importi kamaydi, elektromobillarga talab oshgan
12.09.2025 | 22:4047252
Yanvar–avgust oylarida elektromobillar importi keskin o‘sdi.

2025 yilning dastlabki sakkiz oyida O‘zbekistonga import qilingan yengil avtomobillarning qariyb 70 foizi elektromobillardan iborat bo‘ldi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yanvar–avgust oylarida mamlakatga 42 230 dona yengil avtomobil olib kirilgan. Ularning umumiy qiymati 640,7 million dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 650 ta kam, ya’ni 11,8 foizga pasayish demakdir.
Shu bilan birga, elektromobillar importi keskin o‘sib, 28 948 donani tashkil qilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 barobar ko‘pdir. Benzin dvigatelli avtomobillar 11 166 tani tashkil etgan, bu esa 2,2 barobarga kamayganini ko‘rsatadi. Gibrid avtomobillar soni 2 025 taga tushdi (4,9 barobarga kamayish), dizel dvigatelli mashinalar esa 91 tani tashkil etib, 10,7 barobar o‘sish qayd etilgan.





