
O‘zbekistonda bolalar kontenti uchun maxsus markaz tashkil etilmoqda
15.05.2025 | 16:1013143
Prezident qaroriga asosan, yoshlarni zararli axborotdan himoya qilish va milliy targ‘ibotni kuchaytirish maqsadida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar ma’naviyati va axborot makonidagi xavflar haqida so‘zlar ekan, milliy kontent yaratish va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun professional tashkilot yetishmayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil etildi.
Markazning asosiy vazifasi — bolalar sog‘lig‘i va tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi kontentni tahlil qilish, ijobiy milliy mahsulotlar yaratish uchun mahalliy ijodkorlarga buyurtma berish, sohada kadr tayyorlash va tahliliy ishlar olib borishdan iborat. Markazga taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov rahbar etib tayinlandi.
Qori Niyoziy instituti ushbu markaz faoliyatiga ilmiy yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, barcha mas’ul vazirlik va idoralarga markaz bilan hamkorlikda ishlash topshirildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, sanoqli kunlardan so‘ng 6 mln o‘quvchi va 1 mln talaba ta’tilga chiqadi. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida barcha ta’lim muassasalarida sport, fan va kasb to‘garaklarini ochish topshirildi.





