
O‘zbekistonda bolalarga otasining ismini familiya sifatida foydalanishga ruxsat berilishi mumkin
Qonun loyihasi bolaning familiyasini belgilashda milliy an’analar va ota-onaning tanlov imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.

O‘zbekistonda bolaga otasining ismini familiya sifatida berishga ruxsat etilishi mumkin. Bu haqda Oila kodeksiga tegishli qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi 13-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda FHDY sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Hujjat doirasida Oila kodeksining 69-moddasiga aniq qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Biroq Adliya vaziri o‘rinbosari No‘mon Muhammadiyevning ta’kidlashicha, milliy an’analarga ko‘ra ayrim hollarda bolaga bobosining ismi asosida familiya berib kelinmoqda. Shu bilan birga, otaning ismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri familiya sifatida qo‘llash imkoniyati qonunchilikda aniq belgilanmagan.
«Hozirgi vaqtda ota ismini bolaga familiya sifatida berish imkoniyatining mavjud emasligi qonunchilik hujjatlarini turlicha talqin qilinishiga hamda fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Masalan, bolalar uyida ulg‘ayganlar yoki otalik huquqidan mahrum qilingan shaxslarning farzandlari o‘z bolalariga otalik huquqidan mahrum qilingan otaning ismini familiya sifatida berishni xohlamayapti», dedi No‘mon Muhammadiyev.
Ma’lum qilinishicha, bunday vaziyatlarda har kuni o‘nlab ota-onalar tug‘ilish haqidagi dalolatnomalarga keyinchalik o‘zgartirish kiritishga majbur bo‘lmoqda. Qonun loyihasida xalqaro tajriba ham inobatga olingan bo‘lib, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda ham bolaning familiyasi otasi yoki bobosining ismi asosida belgilanishi mumkin.
Amaldagi Oila kodeksining 69-moddasida bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanishi ko‘rsatilgan. Ota-ona turli familiyalarda bo‘lganda ota-onaning kelishuviga binoan, bolaga otasining yoki onasining familiyasi beriladi. Ota-onaning xohishiga ko‘ra, bolaga ota yoki ona tomonidan milliy an’analarga binoan, boboning ismi bo‘yicha familiya berilishi mumkin. Ota-ona o‘rtasida bolaning ismi va (yoki) familiyasi bo‘yicha kelishuv bo‘lmaganda, kelib chiqqan nizo vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.





