
O‘zbekistonda bozorlar nega yonadi? Iqtisodchi taxmini
12.08.2025 | 21:0043133
«Uch qahramon» bozorida sodir bo‘lgan yirik yong‘in bozorlardagi xavfsizlik va mulkchilik masalalarini yana kun tartibiga olib chiqdi. Iqtisodchi Otabek Bakirov bunday holatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillarni sanab o‘tdi.

11 avgust kuni Toshkent viloyatida joylashgan «Uch qahramon» bozorining taxminan 40 foizi yonib ketdi. Bu O‘zbekiston bozorlarida kuzatilayotgan yong‘in holatlarining ilk misoli emas. Ilgari ham «O‘rikzor» va «Chorsu» savdo majmualarida yirik yong‘inlar sodir bo‘lgan edi.
Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, bozorlarda yong‘in chiqishiga nafaqat olov manbalari, balki tizimli muammolar ham sabab bo‘lishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, mulk huquqining yetarlicha himoya qilinmasligi, ochiq va shaffof yer bozorining yo‘qligi hamda qonun doirasidan tashqarida saqlanib qolgan an’analar yong‘in xavfini kuchaytiradi.
Bakirov jurnalist Shuhrat Shokirjonovdan iqtibos keltirib, ko‘p hollarda yongan bozorlar o‘rnida bozor qayta tiklanmasligini qayd etgan. U bozorni boshqa joyga ko‘chirish yoki yerni egallash maqsadida ham bunday voqealar ro‘y berishi mumkinligini taxmin qildi.
«Ilgari yomon o‘tgan zamonda bozorlar kamroq yonardimi, bilmayman, balki xabar kamligidan shunday o‘ylaganmiz, balki anomal issiq bo‘lmaganidan, balki bozorni yonib ketishidan ko‘chirib yuborib, o‘rnini egallash osonroq bo‘lganidan, kim biladi endi», — deya yozgan u.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «b» bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov ishi Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasiga yuklatilgan.





