O‘zbekistonda chiqindidan energiya ishlab chiqaruvchi 6 ta yirik zavod quriladi
O‘zbekistonda 933 mln dollarlik 6 ta chiqindidan energiya ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi rejalashtirilmoqda.
© chiqindini boshqarish agentligiO‘zbekistonda chiqindilarni yo‘q qilish va ulardan energiya ishlab chiqarish sohasini rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 933 million dollar bo‘lgan oltita zavod qurilishi rejalashtirilgan. Bu haqda prezident ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qaysi hududlarda quriladi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur korxonalar Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida barpo etiladi. Zavodlar ishga tushgach, har yili 3,6 million tonna maishiy chiqindilar qayta ishlanib, 1,6 milliard kW/h elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda chiqindilarni boshqarish tizimida amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil qilindi. Xususan, 2025 yilda sanitariya tozalash xizmatlari qamrovi 88 foizga yetkazildi, 47 ta poligon faoliyati tugatildi va 132 ta poligon atrofi ko‘kalamzorlashtirildi.
2026 yilda esa ushbu ko‘rsatkichni 90 foizga chiqarish, qo‘shimcha maxsus texnika va konteynerlar yetkazib berish rejalashtirilgan. Shuningdek, 18 ta poligonni rekultivatsiya qilish va 2030 yilga qadar poligonlar sonini 50 foizga qisqartirish maqsad qilingan.
Logistika xarajatlarini kamaytirish uchun yechim
Loyihalar doirasida logistika xarajatlarini kamaytirish uchun qayta yuklash stansiyalari qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Joriy yilda 28 ta, 2030 yilgacha esa 70 ta shunday stansiya barpo etilishi rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, Navoiy viloyatida 260 million dollarlik xavfli chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha ilk integratsiyalashgan platforma tashkil etish rejalashtirilgan. Bu yerda yiliga 330 ming tonna xavfli chiqindini qayta ishlash imkoniyati yaratiladi.





