
O‘zbekistonda dam olish kunlari havo harorati +42 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda
13.06.2025 | 16:2037482
13–15 iyun kunlari O‘zbekiston hududida ob-havo keskin isiy boshlaydi. Respublikaga janubdan kirib kelayotgan quruq va iliq havo oqimi natijasida harorat har kuni ortadi.
Bugun, 13 iyun kuni kunduzi havo harorati + 33...+35 darajani tashkil etadi. Shanba va yakshanba kunlari esa ko‘plab hududlarda harorat 36–38 darajagacha, mamlakatning shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa +40...+42 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Ob-havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yomg‘ir ehtimoli juda past. Biroq ayrim tog‘li va tog‘ yetaklari hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Bu esa sel va suv toshqinlari xavfini yuzaga keltiradi.
Shuningdek, respublika bo‘ylab ayrim joylarda shamol 13–18 m/s gacha kuchayishi va bu ba’zi hududlarda chang-to‘zonlar bilan birga kechishi mumkin.
Toshkent shahrida dam olish kunlari yomg‘ir kutilmaydi, ob-havo asosan quyoshli bo‘ladi. Bugun poytaxtda harorat +35 daraja atrofida, shanba va yakshanba kunlari esa +36...+38 darajagacha ko‘tariladi.
Mutaxassislar aholini issiqda ehtiyot bo‘lish, ko‘proq suv ichish va quyosh nurlaridan himoyalanishga chaqirmoqda.





