add

O‘zbekistonda dron ishlab chiqarishni ommalashtirish uchun assotsiatsiya tuziladi

17.09.2025 | 08:0042327

Vaqt.uz O‘zbekistonda dronlarni olib yurish va uchirish taqiqlangan sharoitida robototexnika kurslarida olingan bilimlarni amaliyotda qanday qo‘llash mumkinligi haqida qiziqdi.

O‘zbekistonda dron ishlab chiqarishni ommalashtirish uchun assotsiatsiya tuziladi

Yoshlar ishlari agentligi va Davlat xavfsizlik xizmati hamkorlikda dronlar sohasini rivojlantirish, yoshlar orasida ommalashtirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus assotsiatsiya tashkil etish ishlarini boshladi. Bu haqda agentlik direktori birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova ma’lum qildi.

Kecha, 16 sentyabr kuni Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi IT shaharchaga bo‘lib o‘tgan press-tur davomida Vaqt.uz jurnalisti Ilyos Safarov Dilnoza Kattaxonovaga «yangi maskanda robototexnika yo‘nalishi doirasida dronlar ishlab chiqarishga oid kurslar borligini qayd etib, ammo O‘zbekistonda dronlarni olib yurish va uchirish taqiqlangan sharoitida robototexnika kurslarida olingan bilimlarni amaliyotda qanday qo‘llash mumkinligi haqida so‘radi.

Jurnalist bugun dunyoda ko‘plab urushlar, xususan, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush ham aynan dronlar yordamida — osmonda kechayotganini qo‘shimcha qildi.

Kattaxonova savolga javoban dronlar va tanklar kabi ishlanmalar allaqachon mudofaa sanoati tizimida qo‘llanayotganini ta’kidladi.

«E’tibor bergan bo‘lsangiz bu yil prezidentimiz dronlar ishlab chiqayotgan yoshlar bilan uchrashdi. Bugun yosh innavatorlarimiz, o‘sha oliy ta’lim vazirligi huzuridagi yoshlar akademiyasining a’zolari yaratayotgan tanklar, dronlar boshqa texnikalar bugun mudofaa sanoat tizimida ham qo‘llanilyapti. Ya’ni shunchaki g‘oya yoki loyiha sifatida qolib ketmayapti, amaliyotga ham joriy qilinyapti», — dedi u.

Yoshlar ishlari agentligi rasmiysining ta’kidlashicha, Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda dronlar sohasini yanada rivojlantirish va yoshlar orasida keng targ‘ib qilish maqsadida maxsus assotsiatsiya tuzish ishlari boshlangan.

«Hozirgi etapda biz mana shu sohada mazkur loyihalarni ishlab chiqayotgan yoshlarga sinov jarayonlarini o‘tkazishi uchun ruxsat olib berishga harakat qilyapmiz. Va hozirgi kunda Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda shu sohani yanayam rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida keng ommalashtirish, ko‘proq qiziqtirish maqsadida hozir shu dronlar bilan ishlaydigan, loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydigan assosatsiyani tashkil qilish ustida ish olib borilyapti. Men o‘ylaymanki, bosqichma-bosqich assosatsiyaning huzurida alohida, turli o‘zining test poligonlari, o‘yingohlari bo‘ladi, bemalol yoshlarimiz o‘zlarini ishlanmalarini uchirib, test qilishi, foydalanishi mumkin bo‘ladi», - dedi Dilnoza Kattaxonova.

Dron siyosati

2015 yilda O‘zbekistolnda dronlarni olib kirish va ulardan foydalanish to‘liq taqiqlangandi. 2018 yil may oyidan boshlab xorijiy ijodiy guruhlar tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida foto vavideo materiallar tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini, jumladan, dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berilgan.

2019 yildan esa uchuvchisiz uchish apparatlarini noqonuniy olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ishlatish uchun Jinoyat kodeksining 244−4-moddasi (Majburiy deklaratsiya bilan tranzit o‘tkazish bundan mustasno) bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilangan.

Mamlakatda uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanishda birinchi marta ayblanayotgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik emas, balki ma’muriy javobgarlik belgilandi.

Mazkur holat bo‘yicha qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 28 noyabr kuni birinchi o‘qishda, 12 dekabrda ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingandi. Senat tomonidan esa 19 yanvar kuni ma’qullangan. 15 mart kuni prezident qonunni imzoladi.

Teglar

Mavzuga oid