
O‘zbekistonda dronlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
11.07.2025 | 18:2025903
O‘zbekiston o‘zining uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. DXX qarashli harbiy qismda dronlar uchun zamonaviy texnologiyalarga asoslangan aviatsiya majmuasi ishga tushirildi.

Taqdimot marosimida dronlar sohasidagi yangi ishlanmalar namoyish qilindi. Kibernetikada innovatsiyalar IT-parki direktori Albert Xamzinning ta’kidlashicha, mahalliy korxonalar dronlar uchun elektron komponentlar va dasturiy ta’minot ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda. Ushbu mahsulotlarning mahalliylashtirish darajasi 80 foizni tashkil etmoqda.
Prezident tomonidan dronlarni ishlab chiqarishni mahalliy korxonalar bazasida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha vazifa qo‘yilgan. IT-park bosh mutaxassisi Islombek Ismatov mahalliy dasturiy ta’minot bilan ta’minlangan dronlar hozirda asosiy mahsulotlar sirasiga kiradi, deb ta’kidladi.
Aviatsiya majmuasida dronlarga parvoz oldi va parvozdan keyingi xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari yaratilgan. Shuningdek, dronlarni boshqarish punktlari, o‘quv xonalari, sport zali va elektron kutubxona ham mavjud. Bu yerda xorijda malaka oshirgan 100 dan ortiq yosh mutaxassis faoliyat olib bormoqda.
Shu bilan birga, mamlakat havo hududida uchuvchisiz tizimlar parvozini nazorat qilish uchun yagona markaz tuzish ishlari olib borilmoqda. Harbiy-havo kuchlari podpolkovnigi Alibek G‘ufronovning so‘zlariga ko‘ra, bu markazning asosiy vazifasi dronlarning harakatini kuzatib borishdan iborat bo‘ladi.
Taqdim etilgan lavhalarda Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar TB2 dronlari ham namoyon qilindi. O‘zbekiston armiyasida mazkur dronlardan foydalanilayotgani haqida 2023 yil noyabrida Prezident Shavkat Mirziyoyevga namunalar taqdim etilganida ma’lum bo‘lgan edi.





