
O‘zbekistonda dronlardan foydalanish bo‘yicha cheklov yumshatiladi
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyihada dron texnologiyalarini iqtisodiyotga joriy etish va sohaga xususiy sektorni jalb qilish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishni bosqichma-bosqich liberallashtirish rejalashtirilmoqda. Bu 2026 yilda ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari hamda «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan prezident farmoni loyihasida keltirilgan.
Yuridik shaxslar uchun imkoniyatlar
Mazkur loyihaga muvofiq, yuridik shaxslarga dronlarni mamlakatga olib kirish, ularni ishlab chiqarish, foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Bu qadam sanoat, qishloq xo‘jaligi, logistika, qurilish va monitoring sohalarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishni kengaytirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, dronlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini olib kirish, ishlab chiqarish, sotish hamda ularga xizmat ko‘rsatish litsenziya va sertifikatlar asosida qat’iy tartibga solinadi. Bu xavfsizlik talablariga rioya etish va noqonuniy aylanmaning oldini olishni maqsad qiladi.
Raqamli nazorat va xavfsizlik
Havo hududida dronlar parvozini samarali boshqarish uchun yashil, sariq va qizil zonalar tizimi joriy etiladi. Ushbu zonalar orqali dronlardan foydalanish darajasi va cheklovlari aniq belgilanadi. Parvozlarni nazorat qilish va monitoring qilish uchun yagona avtomatlashtirilgan raqamli infratuzilma ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, soha uchun malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Dronlarni boshqarish bo‘yicha maxsus guvohnomalarni joriy etish, o‘quv va sertifikatlash tizimini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.
Transport vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda Strategik islohotlar agentligiga 2026 yil iyun oyiga qadar ushbu yo‘nalishdagi tegishli prezident farmonini ishlab chiqish vazifasi yuklatilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston chegaralari Bayraktar dronlari bilan qo‘riqlanishi haqida xabar bergandik.





