add

O‘zbekistonda ekologik toza hududlar maqomi qonun bilan belgilanmoqda

Bugun 16:551212 daqiqa

Parlamentda ekologik toza hududlarda korxonalar faoliyati, plastik mahsulotlar va oqova suvlar bilan bog‘liq yangi qonun loyihasi muhokama qilindi.

O‘zbekistonda ekologik toza hududlar maqomi qonun bilan belgilanmoqda

O‘zbekistonda ekologik toza hududlarning huquqiy maqomini belgilashga qaratilgan qonun loyihasi parlamentda ko‘rib chiqildi. 23-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ushbu qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildi.

Qonun loyihasi ekologik toza hududlarning maqomi va maxsus rejimiga aniq huquqiy asos yaratishni nazarda tutadi. Shuningdek, mazkur hududlarda xo‘jalik faoliyatini ekologik talablar asosida tashkil etish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish asosiy maqsad sifatida belgilangan.

Loyihaga ko‘ra, ekologik toza hududlarda faoliyat yuritib, oqova suv hosil qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ishlab chiqarish ob’ektlari va avtomobil yuvish shoxobchalari majburiy tarzda oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan jihozlanishi shart bo‘ladi. Bu talab tabiiy suv resurslarining ifloslanishini oldini olishga qaratilgan.

Shu bilan birga, tozalangan oqova suvlarni chiqarib yuborish uchun maxsus to‘rlariga ulash yoki ularni yig‘ish uchun muqobil inshootlar qurish, aylanma suv ta’minoti tizimini joriy etish va undan samarali foydalanish majburiy etib belgilanmoqda. Bu esa suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun loyihasida tabiiy ob’ektlar va ekotizimlarga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi sanoat ob’ektlarini qurish hamda ularning faoliyat yuritishiga cheklovlar joriy etish nazarda tutilgan. Ekologik toza hududlarda bunday ishlab chiqarish quvvatlariga ruxsat berilmasligi belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, tabiiy organik polimer mahsulotlardan tashqari bir martalik plastik mahsulotlarning muomalada bo‘lishini cheklash taklif etilmoqda.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Senatiga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ekoqo‘mita qoshida tashkil etilgan davlat maqsadli jamg‘armasiga 2025–2026 yillarda 1,4 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgani haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid