
O‘zbekistonda Ekopolitsiya tashkil etiladi
Ekologik xavfsizlik ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida maxsus vakolatlarga ega Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tashkil etilib, prokuraturaning 40 ta shtat birligi unga o‘tkaziladi.

Prezident farmoniga ko‘ra, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tarkibida Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi — Ekopolitsiya tashkil etilmoqda. Ushbu maxsus tuzilma ekologik qonunbuzarliklarni aniqlash, ularning oldini olish va sohada qat’iy tartib o‘rnatish uchun keng vakolatlarga ega bo‘ladi.
Qayd etilishicha, Ekopolitsiyaga prokuraturadan 40 ta shtat birligi o‘tkazilishi belgilangan. Bu xodimlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ekologik nazorat yo‘nalishida faoliyat yuritgan bo‘linmalar asosida shakllanadi. Shuningdek, tabiatni muhofaza qilishga ixtisoslashgan maxsus prokuratura bo‘linmalari ham yangi tuzilmaga integratsiya qilinadi.
Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar (elektroshok qurilmalari) va xizmat quroli (rezina o‘qli, to‘r otuvchi)ni qo‘llash huquqi beriladi, shuningdek, ularning maxsus kiyimiga bodi-kamerlar o‘rnatiladi. Qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar Ekopolitsiya xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va xizmat qurolini qo‘llash tartibiga O‘zbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonunida belgilangan asoslar va shartlar tatbiq etiladi.
Farmonga binoan, Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i vazifasini bajaradi. Tuzilmaning o‘rinbosari esa qo‘mita raisi o‘rinbosari sifatida ishlab, Ekopolitsiyaning tezkor shtabiga rahbarlik qiladi.
Shuningdek, Ekopolitsiyaga uning hududiy bo‘linmalarini ma’muriy-hududiy birliklar chegaralarini hisobga olmagan holda tabiiy ekologik hududlar chegaralari doirasida tashkil etishga ruxsat etiladi.
Avvalroq Prezident farmoniga ko‘ra, ekologik siyosat va nazoratni kuchaytirish maqsadida vazirlik o‘rniga mustaqil Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi, Turizm qo‘mitasi esa alohida organga aylantirilgani haqida xabar bergan edik.





