O‘zbekistonda elektr iste’moli rekordi oltinchi kun yangilandi
Anomal issiq tufayli 18-iyul kuni O‘zbekistonda sutkalik elektr energiyasi iste’moli va ishlab chiqarish hajmi rekord darajaga yetdi.
© PxhereO‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha rekordlar ketma-ket oltinchi kun yangilandi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 18-iyul kuni mamlakat yagona energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 294,4 mln kWh'ni tashkil etdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil yoz mavsumida qayd etilgan eng yuqori natijadan 21,8 mln kWh'ga yoki 8 foizga, 17-iyuldagi iste’mol hajmidan esa 1 mln kWh'ga yoki 0,34 foizga yuqori bo‘ldi.
Shu kuni elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham yangi rekord o‘rnatib, 297,1 mln kWh'ga yetdi. Bu bir kun avvalgi rekorddan 1 mln kWh'ga yoki 0,34 foizga ko‘pdir.
Yuklama oshdi
18-iyul kuni yagona energetika tizimidagi maksimal yuklama kechki soatlarda 13,7 GWh'ga yetdi. 19-iyul kuni ham havo harorati yuqori saqlangani sababli bu ko‘rsatkich 13,4 GWh'ni tashkil qildi.
Vazirlik yuqori talabni anomal issiq sharoitida, hatto dam olish kunlarida ham elektr energiyasi iste’moli kamaymagani bilan izohladi.
Yuqori yuklama fonida Toshkent shahrining Olmazor, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod, Uchtepa va Yashnobod tumanlaridagi ayrim elektr tarmoqlarida texnik nosozliklar yuzaga keldi. Bu esa 6,8 mingdan ortiq iste’molchining elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlarga sabab bo‘ldi.
Rekordlar davom etmoqda
Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, barcha texnik nosozliklar tezkor bartaraf etildi va elektr ta’minoti to‘liq tiklandi. Ayni paytda energetika tizimi korxonalari kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda.
Ma’lumot uchun, elektr energiyasi iste’moli va ishlab chiqarish bo‘yicha rekordlar 13-iyuldan buyon uzluksiz yangilanmoqda. Shu davrda sutkalik iste’mol 278,6 mln kWh'dan 294,4 mln kWh'gacha, ishlab chiqarish hajmi esa 281,5 mln kWh'dan 297,1 mln kWh'gacha oshgan.




