
O‘zbekistonda elektron hisob-fakturalar bo‘yicha risklarni baholash tizimi joriy etiladi
16.10.2025 | 11:3016074
2026 yildan elektron hisobvaraq-fakturalar risk darajasini real vaqtda aniqlaydigan avtomatlashtirilgan tizim ishga tushadi. Bu biznes uchun shaffoflikni oshirib, soliq intizomini kuchaytirishi aytilmoqda.

O‘zbekistonda 2026 yil 1 yanvardan elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) bo‘yicha risklarni baholashning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushiriladi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi ma’lum qildi. Yangi mexanizm Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, Prezidentning 2025 yil 4 sentyabrdagi farmoni bilan joriy etiladi.
Tizimning asosiy vazifasi — EHF rasmiylashtirishdagi soliq risklarini avtomatik ravishda baholash va qonunbuzarlik holatlarini oldindan aniqlashdir. U har bir hisob-fakturani real vaqtda tahlil qilib, xavf darajasini belgilaydi. Agar yuqori risk aniqlansa, xaridor bu haqda darhol ma’lumot oladi. Bu orqali tadbirkorlar shubhali kontragentlar bilan bitim tuzishdan oldin xavfni baholash imkoniga ega bo‘ladi.
2026 yildan boshlab yuqori riskli EHFlar uchun ikki muhim qoida amal qiladi: bunday hisob-fakturalar umumiy EHFlarning 10 foizidan oshmasligi lozim va QQSni hisobga olish faqat soliqlar to‘liq to‘langanidan keyingina mumkin bo‘ladi.
Hozirda tizim test rejimida ishlamoqda. U tadbirkorlarning xatolarini jarimalarsiz aniqlab, soliq intizomini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim korxonalar soxta EHFlar orqali katta miqdordagi operatsiyalarni rasmiylashtirgan. Masalan, chorvachilik xo‘jaligi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan «Alfa» MCHJ 896 milliard so‘mlik qora metallni 96 milliard so‘m QQS bilan sotgan holda ko‘rsatgan. Shuningdek, «Omega» va «Graf» kabi korxonalar qisqa vaqt ichida milliardlab so‘mlik soxta hisob-fakturalar rasmiylashtirgan.
Iyul–sentyabr oylaridagi tahlillar 27 ta soliq to‘lovchi o‘z iqtisodiy holatiga mos kelmaydigan operatsiyalar amalga oshirganini ko‘rsatdi. Umuman, 281 ta korxona 5,9 trln so‘mlik EHF rasmiylashtirgan, shundan 706 mlrd so‘m QQS hisoblangan.
Soliq qo‘mitasi bu tizim orqali yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, vijdonli tadbirkorlarni himoya qilish va soliq ma’muriyatchiligini shaffof qilishni ko‘zlamoqda. Shu bois, tadbirkorlarga hamkor tanlashda soliq risklariga jiddiy e’tibor qaratish tavsiya etilmoqda.





