
O‘zbekistonda eng ko‘p o‘qilgan qonunlar ro‘yxati e’lon qilindi
25.07.2025 | 12:1539873
Lex.uz portalida 2025 yilning birinchi yarmida eng ko‘p o‘qilgan huquqiy hujjat O‘zbekiston Konstitutsiyasi bo‘ldi.

Lex.uz ma’lumotlar bazasida hozirda 14 544 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjat mavjud bo‘lib, shundan 541 tasi joriy yilning yanvar–iyun oylarida qabul qilingan. Platformaga har kuni 37–39 ming foydalanuvchi murojaat qilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligining rasmiy hisobotida ma’lum qilindi.
Ilk yarim yillik davomida eng ko‘p o‘qilgan 10 ta hujjat umumiy hisobda 516,6 ming marta ko‘rilgan. Ularning eng yuqori o‘rinlarini Konstitutsiya, Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Mehnat kodeksi egallagan.
Beshinchi o‘rinda «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun turibdi. Keyingi o‘rinlarda «2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida»gi farmon va «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun qayd etilgan.
Sakkizinchi o‘rin «Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Vazirlar Mahkamasi qaroriga tegishli bo‘lsa, so‘nggi ikki o‘rinda jamoat xavfsizligi va chet tillar sertifikati bo‘yicha qarorlar joy olgan.
Shuningdek, Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, shu yilning birinchi yarmida 316 ta qonunchilik hujjati jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.





