
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni qariyb 466 mingtaga yetdi
Mamlakatdagi korxona va tashkilotlarning qariyb 85 foizini kichik biznes va mikrofirmalar tashkil etmoqda.

2025 yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 465,9 mingta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar orasida 395,8 mingta subyekt yoki 84,9 foiz ulush kichik korxonalar va mikrofirmalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Faoliyat yurituvchi korxonalar soni bo‘yicha har doimgidek Toshkent shahri peshqadam bo‘lib, u yerda 106 944 ta subyekt mavjud. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 45 197 ta, Samarqand viloyati — 40 147 ta, Farg‘ona viloyati — 37 466 ta va Qashqadaryo viloyati — 29 835 ta korxona bilan qayd qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil 1-noyabr holatida mamlakatda 399,8 mingta tijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy qismini, ya’ni 313 mingtasini mas’uliyati cheklangan jamiyatlar tashkil etadi.
Shuningdek, 46 776 ta xususiy korxona (11,7 foiz), 36 161 ta oilaviy korxona (9 foiz), 632 ta aksiyadorlik jamiyati (0,2 foiz) va 3 199 ta boshqa toifadagi tashkilotlar ro‘yxatda turibdi.





