O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi yildan yilga pasaymoqda

Bugun 17:552 daqiqa

2026 yil mart oyida O‘zbekistonda gaz qazib olish o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 30 foizdan ortiqqa kamayib, so‘nggi yillardagi eng past darajaga tushdi.

O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi yildan yilga pasaymoqda

O‘zbekistonda 2026 yil mart oyida tabiiy gaz qazib olish keskin qisqarib, tarixiy minimumlarga yaqinlashdi. Oy davomida jami 2,7 mlrd kub metr gaz qazib olingan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 mlrd kub metrga yoki 30,8 foizga kamayishni anglatadi. Bu haqda Milliy Statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarda ko‘rish mumkin.

Statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi choragida mamlakatda 289,3 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, neft-gaz sektorida pasayish saqlanib qolmoqda.

Uch oy davomida 9,6 mlrd kub metr gaz qazib olingan bo‘lib, bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 15 foizga kam. Shu bilan birga, neft qazib olish 157,3 ming tonnani tashkil etgan (o‘tgan yili — 160,8 ming tonna), ko‘mir esa 1,1 mln tonna darajasida qayd etilgan.

1

Manba statistika qo'mitasi

Gaz qazib olishning kunlik hisobida ham pasayish yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Agar 2025 yil mart oyida kuniga o‘rtacha 125,8 mln kub metr gaz qazib olingan bo‘lsa, 2026 yil martda bu ko‘rsatkich 87,1 mln kub metrga tushib ketgan. Hatto fevral oyidagi 114 mln kub metrlik kunlik hajm ham mart oyidagi ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, hali O‘zbekiston tarixida bunaqa yuqori darajada gaz qazib olishning birdaniga qulashi kuzatilmagan edi.

“Bu qaysidir yirik kondagi muammo bilan bog‘liqmi? Yo davom etayotgan tizimli inqirozning yangi tubimi? Energetika vazirligi nima deydi? "Anomal yuqori bosimli", "juda yirik" gaz konlari ochildi, deya yuqoriga berilgan raportlardan keyin ahvol yaxshilanish o‘rniga oydan-oyga tobora og‘irlashayotganiga biron-bir izoh bormi?”, — deydi iqtisodchi.

Ayni paytda ayrim sanoat yo‘nalishlarida o‘sish kuzatildi. Jumladan, elektr energiyasi ishlab chiqarish 22,93 mlrd kVt/soatga yetgan, avtomobil benzini ishlab chiqarish 313,2 ming tonnaga chiqqan. Eng yuqori o‘sish dizel yoqilg‘isida kuzatilib, ishlab chiqarish hajmi 280,9 ming tonnaga yetib, qariyb 55 foizlik o‘sish qayd etilgan.

Biroq dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmi ortgan bo‘lsa-da, mart oyida 35,8 ming tonna, o‘tgan yilning martiga nisbatan 1,5 karra ko‘p dizel yoqilg‘isi import qilingan. Shuningdek, benzin importi ham o‘tgan yilning yanvar-mart oylariga nisbatan 205 ming litrdan 428 ming litrga ortgan.

2

manba bojxona qo'mitasi

Eslatib o‘tamiz, 2026 yil yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 18 mlrd AQSH dollariga yetganligi va 2025 yilning mos davriga nisbatan 471 mln AQSH dollariga yoki 2,7  foizga ko‘payganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid