add

O‘zbekistonda hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi ochiladi

Bugun 13:351262 daqiqa

O‘zbekistonda 2029 yilgacha 55 ta hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi tashkil etilib, nogironlar, keksalar va bolalarga kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi.

O‘zbekistonda hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi ochiladi

O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan yangi qaror qabul qilindi. Unga muvofiq, mamlakat bo‘ylab hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati izchil ravishda kengaytirilib, umumiy hisobda 55 ta yangi markaz tashkil etiladi. Mazkur markazlar aholining ehtiyojmand qatlamlari uchun kompleks xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlaydi.

Qarorga binoan, 2026–2027 yillarda 20 ta, 2028–2029 yillarda esa qo‘shimcha 35 ta hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi ishga tushiriladi. Shu tariqa, 2029 yilga qadar butun respublika bo‘ylab zamonaviy ijtimoiy xizmatlar tarmog‘i shakllantirilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur markazlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida davlat muassasasi sifatida faoliyat yuritadi. Ular agentlikning mavjud, maqbullashtirilgan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi, bu esa qo‘shimcha ma’muriy yuklamalarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, hududiy markazlarni moddiy-texnik jihatdan ta’minlash Jahon bankining «Inson» loyihasi doirasida amalga oshiriladi. 2026–2029 yillarni qamrab oladigan ushbu loyiha doirasida markazlar zamonaviy uskunalar va infratuzilma bilan jihozlanadi.

Markazlarda asosiy xizmatlar sifatida:

nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish,

18 yoshdan katta, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun qarab turish,

rivojlanishida kechikish yoki xavf omillari mavjud bolalar uchun erta aralashuv xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalar uchun abilitatsiya hamda reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.

Qo‘shimcha ravishda, «mustaqil hayot» xizmatlari, faol keksalik dasturlari, nogironligi bo‘lgan bolalar oilalari uchun ota-onalar klublari, shuningdek, tarbiyasida muammosi bo‘lgan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun psixosotsial reabilitatsiya xizmatlari joriy etiladi.

Teglar

Mavzuga oid