add

O‘zbekistonda ilk bor paxtada o‘rtacha hosildorlik 46 sentnerga yetdi

Bugun 12:552212 daqiqa

Bu haqda Prezident Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan muloqotda ma’lum qildi.

O‘zbekistonda ilk bor paxtada o‘rtacha hosildorlik 46 sentnerga yetdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillari bilan muloqotda 2025 yil iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yutuqlarga boy va barakali yil bo‘lganini aytdi.

Shu jumladan, paxtachilikda ilm-fan yutuqlari va yuqori unumdor xorijiy navlarni joriy etish natijasida 875 ming gektarda 4 million tonna hosil olingan. Ilk bor o‘rtacha hosildorlik 46 sentnerga yetgan. Bu yil 3 mingdan ziyod fermer gektaridan 50–60 sentner, 1,5 ming fermer esa 70 sentnerdan ortiq hosil olib, sohada o‘z tajriba maktabini namoyish etgan.

G‘allachilikda ham ko‘rsatkichlar yuqori bo‘lib, yangi mahalliy navlar va biotexnologiya orqali 8 million 400 ming tonna xirmon yaratilgan. O‘rtacha hosildorlik 85 sentnerni tashkil etgan. Shu bilan birga, 3,5 mingdan ortiq fermer har gektardan 100 sentnerdan hosil olgan.

Sholikorlikda 268 ming gektarda 1 million 340 ming tonna hosil yig‘ib olinib, o‘rtacha ko‘rsatkich 50 sentnerga yetgan. Eng muhim jihat — suv tanqisligi sharoitida 35 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar va 45 ming gektarda ko‘chat usuli qo‘llanilishi natijasida 350 million kub metr suv iqtisod qilingan.

So‘nggi yillarda bog‘dorchilik va tokchilikni yangilashga qaratilgan islohotlar ham samara bergan. Uch yil davomida 155 ming gektar bog‘ va uzumzor yangidan barpo etilgan, intensiv bog‘lar maydoni 150 ming gektarga yetkazilgan. Bu jarayonlar natijasida 3,4 million tonna meva, 2 million tonna uzum, 19,5 million tonna sabzavot, poliz va kartoshka, shuningdek, 1 million tonna duqquli va moyli ekinlar yetishtirilgan.

Yuqori hosildorlik ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash bilan birga, eksportda katta o‘sishni ta’minlagan. Oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 37 foizga oshib, 3 milliard dollarga yetgan. Yil yakunida bu ko‘rsatkich 3,2 milliard dollardan oshib, tarixiy rekord qayd etilishi kutilmoqda.

Meva-sabzavot eksporti geografiyasi 18 ta yangi davlat hisobiga kengayib, 83 ta bozorni qamrab oldi. O‘zbekiston quritilgan olxo‘ri va o‘rik eksporti bo‘yicha jahonda 3-o‘rin, shaftoli va mayizda 7-o‘rin, gilosda 8-o‘rin, uzumda 13-o‘rinni egallamoqda.

Shu bilan birga Prezident fidokorona va mashaqqatli mehnati bilan noz-ne’mat yetishtirib, el dasturxoniga qut-baraka olib kirayotgan barcha dehqon, fermer, bog‘bon, chorvador, suvchi, agronom va mexanizatorlarga o‘zining chuqur hurmat-ehtiromini bildirdi.

«Sizlarning nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki iqtisodiyotni yuksaltirish, aholi turmushini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi beqiyos ishlaringiz har qancha tahsinga sazovor», — dedi Mirziyoyev.

Teglar

Mavzuga oid