O‘zbekistonda ilk pulli yo‘l qurilishi boshlandi

24.02.2026 | 20:551 daqiqa

Loyihaning umumiy qiymati 120 million dollar etib belgilangan.

O‘zbekistonda ilk pulli yo‘l qurilishi boshlandi

Urganchdan Xivaga 35 kilometrlik pulli yo‘l qurilishi boshlandi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalida xabar berildi.

Unda aytilishicha, loyiha qiymati 120 mln dollar. Bu O‘zbekistonda amalda birinchi pulli yo‘l qurilishdir.

Loyiha doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel, 5 ta maxsus o‘tish joyi barpo etiladi.

Qayd etilishicha, yangi yo‘l bo‘ylab 17 daqiqada yetib borish imkoniyati yaratiladi.

Avtomobil yo‘li to‘rt polosadan iborat bo‘lib, boshlanish, o‘rtasida va oxirida terminallar va ikki servis punkti qurilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda pulli yo‘llar tizimi qanday shakllanmoqda?

O‘zbekistonda pulli yo‘llar qurish g‘oyasi ilk bor 2018–2019 yillarda Davlat-xususiy sheriklik (DXSH) to‘g‘risidagi qonunchilik asosida kun tartibiga chiqqan edi. Mazkur tizimni joriy etishdan asosiy maqsad — davlat budjetiga tushadigan yuklamani kamaytirish va yo‘llarni saqlash xarajatlarini bevosita foydalanuvchilar (haydovchilar) hisobidan qoplashdir.

2020 yilda Vazirlar Mahkamasining pulli yo‘llarni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, pulli yo‘l albatta bepul muqobil yo‘lga ega bo‘lishi shart.

Hozirda Urganch–Xiva yo‘lidan tashqari, mamlakatda yana ikkita strategik pulli yo‘l loyihasi ustida ish bormoqda:

• Toshkent–Samarqand: Masofani 2 soatgacha qisqartirishi kutilayotgan loyiha.

• Toshkent–Andijon: Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan va vodiyni poytaxt bilan bog‘laydigan muqobil yo‘l.

Teglar

Mavzuga oid