
O‘zbekistonda ipoteka subsidiyalari uchun arizalar 2 oktyabrdan qabul qilinadi
01.10.2025 | 08:0234913
Subsidiya uchun arizalar davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali topshiriladi. Daromad mezonlari BHM o‘sishiga mos ravishda ko‘tarildi.

O‘zbekistonda 2 oktyabrdan ipoteka subsidiyalari bo‘yicha arizalar qabul qilish boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 fevralda imzolagan farmonga ko‘ra, uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish maqsadida subsidiyalar kvotasi 1,5 barobarga — 30 mingtagacha oshirildi. Mazkur maqsadlarga 2,5 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Subsidiya olish uchun ariza davlat xizmatlari markazlariga yoki elektron tarzda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va MyGov mobil ilovasi orqali topshirilishi mumkin. Ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar asosida kamida 30 ball to‘plashi kerak.
Daromad talablari qayta ko‘rib chiqildi: Toshkentda 2,7–9,2 EKIH (3,43–11,69 mln so‘m), hududlarda esa 2,7–8 EKIH (3,43–10,16 mln so‘m) oralig‘ida bo‘lishi shart. Shu bilan birga, ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i nomida uy-joy bo‘lmasligi kerak.
Subsidiyada ustuvorlik quyidagi shaxslarga beriladi: mehnat migrantlari, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, ajrashgan ayollar, yolg‘iz onalar, bevalar, tibbiyot xodimlari, uzoq hududlardagi mutaxassislar, shuningdek, muhandislik, qurilish va ishlab chiqarish sohasidagi o‘qituvchilar hamda nogironligi bor shaxslar.





