
O‘zbekistonda ish beruvchilar uchun ayrim ma’muriy to‘siqlar bekor qilinadi
10.08.2025 | 11:3040773
Prezident farmoniga ko‘ra, 1 sentyabrdan ish beruvchilarga qo‘yilgan ayrim ma’muriy talablar bekor qilinadi va mehnat munosabatlarida yangi elektron tizimlar joriy etiladi.

2025 yil 4 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev «Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni (PF–126-son) imzoladi. Hujjat mehnat bozoridagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va kadrlar tayyorlash tizimini samarali tashkil etishni nazarda tutadi.
Farmonga muvofiq, xodim va ish beruvchi o‘rtasida samarali, adolatli va o‘zaro manfaatli munosabatlar tizimini yaratish, ish beruvchilarni malakali kadrlar bilan ta’minlash mexanizmi joriy etiladi. 2025 yil 1 sentyabrdan ikki asosiy talab: bandlik organlari yo‘llagan nomzodni ishga qabul qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik va bo‘sh ish o‘rinlari haqida majburiy hisobot taqdim etish bekor qilinadi.
Shu bilan birga, xodimlari 50 nafargacha bo‘lgan xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalaridagi korxonalarga Yagona milliy mehnat tizimi (YAMMT)da biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali elektron mehnat shartnomalari tuzish va bekor qilish imkoniyati beriladi.
Davlat mehnat inspektorlari o‘tkazadigan tekshiruvlar haqida oldindan xabardor qilish tartibi bekor qilinib, «Xavfni tahlil etish» tizimi orqali aniqlangan holatlar bo‘yicha tekshiruvlar xabardorsiz amalga oshiriladi.
2026 yil 1 yanvardan YAMMT orqali mehnat qonunchiligi buzilishlarini ish beruvchi ishtirokisiz ko‘rib chiqish va elektron ma’muriy qaror qabul qilish tizimi ishga tushiriladi. Ushbu o‘zgarishlar mehnat munosabatlarida shaffoflik va tezkorlikni ta’minlashga qaratilgan.





