
O‘zbekistonda iyundan Bahrayn, Kuvayt va Ummon fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etiladi
20.05.2025 | 12:3528773
Prezidentning 2025 yil 15 maydagi farmoniga muvofiq, turizmni rivojlantirish va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida qator yangi chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, 1 iyundan boshlab Bahrayn Qirolligi, Kuvayt Davlati va Ummon Sultonligi fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy etiladi. Bu tashabbus arab mamlakatlari bilan turizm aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Prezidentning «2025–2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (PF-87-son) farmoniga ko‘ra, turizm sohasini keng qamrovli isloh qilish va tarmoqning iqtisodiy salohiyatini oshirish ko‘zda tutilgan.
Farmonga muvofiq, 2025 yil yakunigacha xorijiy sayyohlar safarlarini 15,8 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini esa 4 mlrd dollarga yetkazish belgilangan. Shu bilan birga, ichki turizmni rag‘batlantirish orqali 40 million mahalliy sayyoh tashrifini tashkil etish hamda qo‘shimcha 378 ta turoperator faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.
Bundan tashqari, har yili 30 noyabrga qadar kelgusi yil uchun hududiy turizmni rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi. Shuningdek, 2025 yildan boshlab har noyabr oyining 3-haftasida Xalqaro turizm haftaligi tashkil etiladi.
Iyun oyidan «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturi doirasida har oyning ikkinchi shanba va yakshanba kunlari «Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni» sifatida belgilanib, aholi o‘rtasida turizm madaniyatini ommalashtirish ko‘zda tutilgan.





