O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi 715 ming etib belgilandi

2026-yil uchun bir kishi hisobida oylik minimal iste’mol xarajatlari 715 ming so‘m etib belgilandi.

O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi 715 ming etib belgilandi

2026-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari miqdori oyiga bir kishi hisobida 715 ming so‘mni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich 2025-yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlari hamda xizmatlar bo‘yicha shakllangan narx indekslari asosida alohida indeksatsiya qilinib aniqlangan.

«Minimal iste’mol xarajatlarini rasmiy inflatsiyadan past sur’atda yoki kechikib indeksatsiya qilinishi birinchi marta emas, bu allaqachon doimiy metodichkaga aylanib bo‘ldi. Balki shu yo‘l bilan ijrochilar O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini ma’muriy past ko‘rsatishning va budjet xarajatlarini aynan kambag‘al toifalar uchun to‘lovlardan qisib tejashni ma’qul deb bilishmoqda», — deydi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Bu ko‘rsatkich nima uchun zarur?

Mazkur ko‘rsatkichdan davlat tomonidan ijtimoiy yordamga muhtoj aholining maqsadli guruhini aniqlashda foydalaniladi. Shuningdek, u mamlakatda kambag‘allik chegarasini belgilashda asosiy mezonlardan biri hisoblanadi. Bunda aholining real iste’mol odatlari va ehtiyojlari ham inobatga olinadi.

Bundan tashqari, minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichi kambag‘allikka qarshi kurashishga qaratilgan davlat strategiyalari va dasturlarining samaradorligini baholashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. U orqali amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning manzilliligi oshiriladi va ularning doimiy monitoringi yuritiladi.

Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkich pensiya va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilashda ham asosiy mezonlardan biri sifatida xizmat qiladi. Kam ta’minlangan oilalarga beriladigan turli moddiy yordam turlari ham aynan shu ko‘rsatkich asosida hisoblanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda minimal iste’mol xarajatlari kishi boshiga 669 ming so‘m (+3 foiz) etib belgilangan. 2024-yilda esa kambag‘allik chegarasi ikki marta oshirildi. Dastlab yil boshida bu miqdor 568 ming so‘mdan 621 ming so‘mgacha oshirilgan bo‘lsa, 1-maydan gaz va elektr energiyasi tariflari oshishi fonida u yana 4,3 foizga — oyiga 648 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Yillik hisobda ko‘rsatkich 7,7 foizga o‘sdi.

Teglar

Mavzuga oid