
O‘zbekistonda «kasb vaucheri» tizimi yo‘lga qo‘yiladi
10.08.2025 | 16:0038382
1 noyabrdan malaka oshirish yoki qayta kasbiy tayyorgarlikdan o‘tish istagidagi fuqarolarga «kasb vaucheri» berish tartibi amalga kiritiladi.

Prezident farmoniga muvofiq, vaucher foizsiz ssuda sifatida beriladi. O‘qishni tugatib, sertifikat olgan shaxs ishga joylashgandan keyin ikki yil davomida mablag‘ni Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga qaytarishi kerak bo‘ladi.
Ayrim toifadagi shaxslarga ta’lim davrida jamg‘arma hisobidan minimal ish haqi miqdorida stipendiya to‘lanadi. Bu imtiyoz nogironligi bo‘lgan shaxslar, uch oydan uzoq davom etadigan kurslarda o‘qiyotgan kambag‘al oilalar ro‘yxatidagi fuqarolar va doimiy yashash joyidan boshqa hududga qatnab o‘quvchilarga taalluqli.
Shu bilan birga, ishsizlik nafaqasi oluvchilar stipendiyaga da’vogar bo‘la olmaydi. Tizim fuqarolarning yangi kasb va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishini qo‘llab-quvvatlash hamda mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.





