add

O‘zbekistonda kichik litrajli avtomobillar uchun bojlar oshdi

06.01.2026 | 13:352 daqiqa

Imtiyozli davr tugab, 1-yanvardan motor hajmi kichik bo‘lgan yangi avtomobillar importida standart bojxona stavkalari qo‘llanila boshlandi.

O‘zbekistonda kichik litrajli avtomobillar uchun bojlar oshdi

2026 yil 1-yanvardan O‘zbekistonda dvigatel hajmi 1000 va 1200 sm kubgacha bo‘lgan kichik litrajli avtomobillar importi uchun imtiyozli bojxona bojlari amal qilishdan to‘xtadi. 2023 yilda ichki bozorda raqobatni kuchaytirish va yengil avtomobillarni aholi uchun hamyonbop qilish maqsadida joriy etilgan imtiyozlar muddati tugadi.

2023 yil iyul oyida prezident qarori bilan 2026 yil 1-yanvarga qadar yangi yengil avtotransport vositalarini olib kirishda pasaytirilgan stavkalar qo‘llanilishi belgilangan edi. Unga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan, dvigatel hajmi 1000 sm kubdan oshmaydigan avtomobillar uchun bojxona boji nol stavkada, 1200 sm kubgacha bo‘lganlar uchun esa 5 foiz miqdorida undirilishi nazarda tutilgan.

Hujjatda mazkur chora ichki avtotransport bozorida raqobat muhitini rivojlantirish va aholini nisbatan arzon avtomobillar bilan ta’minlashga qaratilgani ta’kidlangan edi. O‘sha paytda bojxona to‘lovlarining umumiy yuklamasi sezilarli darajada kamayishi qayd etilgan. Xususan, 1000 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun jami to‘lovlar 39–43 foizdan 19–23 foizga, 1000–1200 sm kub segmentida esa 44–52 foizdan 30–36 foizgacha pasayishi hisob-kitob qilingan.

Imtiyozlar amal qilish muddati tugagach, 2026 yil boshidan standart bojxona stavkalari qayta joriy etildi. Endilikda ishlab chiqarilganiga bir yilgacha bo‘lgan, dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha bo‘lgan yangi yengil avtomobillar uchun bojxona boji bojxona qiymatining 15 foizini hamda har bir sm kub uchun 0,4 AQSH dollarini tashkil etmoqda.

Shuningdek, dvigatel hajmi 1200 sm kubgacha bo‘lgan yangi yengil avtomobillar importida 15 foizlik bojxona bojiga qo‘shimcha ravishda har bir sm kub uchun 0,6 AQSH dollari undiriladi.

Teglar

Mavzuga oid