
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk xizmatlari hajmi qariyb 19 trln so‘mga yetdi
2025 yilning 9 oyida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 11,3 foizga o‘sdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida aholi va biznes sub’ektlari ko‘chmas mulk bilan bog‘liq turli xizmatlarga jami 18,8 trln so‘m sarflagan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 11,3 foizga oshgan.
Qayd etilishicha, bunda eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda ko‘chmas mulk xizmatlari hajmi 11,3 trln so‘mga yetgan. Bu respublika bo‘yicha umumiy sarfning qariyb yarmini tashkil etadi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 1,3 trln so‘m, Samarqand viloyatida 933,8 mlrd so‘m, Farg‘ona viloyatida esa 795,3 mlrd so‘mlik ko‘chmas mulk xizmatlari amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich Qashqadaryoda 540,1 mlrd, Andijonda 664,8 mlrd va Namangan viloyatida 539,3 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Eng past ko‘rsatkichlar Sirdaryo (222,2 mlrd so‘m) va Jizzax (233,6 mlrd so‘m) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. Bu hududlarda bozor hali to‘liq shakllanmagani yoki yangi qurilish loyihalari soni nisbatan kam ekani bildiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2025 yilning 9 oyi mobaynida ko‘rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmi 123,5 trln so‘mni tashkil etgani haqida xabar bergan edik.





