add

O‘zbekistonda korxonalar 178,7 mlrd so‘mlik soliq imtiyozidan foydalandi

23.10.2025 | 19:001371

Sentyabr oyida mamlakat bo‘ylab qariyb mingta korxonaga ijtimoiy soliq bo‘yicha yengillik berildi. Ushbu imtiyozlar to‘qimachilik va trikotaj sohalari uchun joriy etilgan uch yillik 1 foizlik stavkaga asoslanadi.

O‘zbekistonda korxonalar 178,7 mlrd so‘mlik soliq imtiyozidan foydalandi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil sentyabr oyida 936 ta korxona ijtimoiy soliq bo‘yicha belgilangan imtiyozlardan foydalangan. Umumiy hisobda ular 178,7 milliard so‘m miqdorida soliq to‘lovidan ozod etilgan.

Ushbu tartib joriy yil 1 sentyabrdan amalga kiritilgan bo‘lib, unga muvofiq klasterlar, to‘qimachilik hamda tikish-trikotaj sanoati korxonalari uchun ijtimoiy soliq stavkalari uch yil muddatga 1 foiz etib belgilangan. Bunday yengilliklar ishlab chiqaruvchilarning xarajatlarini qisqartirish va sohada yangi ish o‘rinlari yaratishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Soliq qo‘mitasi ma’lum qilishicha, imtiyozlar soliq hisobotini shakllantirish jarayonida korxona hisobchisi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadi. Bu esa byurokratik jarayonlarni kamaytirib, imtiyozdan foydalanishni soddalashtiradi.

Avvalroq, 2025 yilning dastlabki yetti oyi davomida talabalar bilan ijara shartnomasi tuzgan shaxslarga ham jami 40,7 milliard so‘mlik soliq imtiyozi berilgani ma’lum qilingan edi. Shuningdek, sentyabr oyida 28 mingdan ortiq fuqaroga farzand tug‘ilganda beriladigan 25,6 milliard so‘mlik «suyunchi» puli to‘langan.

Mutasaddilarning fikricha, bu kabi imtiyozlar biznes muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Teglar

Mavzuga oid