
O‘zbekistonda korxonalarning eng keng tarqalgan shakllari qaysilar?
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan tijorat korxonalarining qariyb to‘rtdan uch qismi MCHJ hisoblanadi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026 yilning 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda jami 407,9 mingta tijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ular orasida mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkiliy-huquqiy shakli yetakchi o‘rinni egallagan.
Qayd etilishicha, mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan 320,9 mingta korxona mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etilgan. Bu umumiy tijorat tashkilotlarining 78,7 foizini tashkil qiladi. Mazkur ko‘rsatkich tadbirkorlar orasida MCHJ shaklining qulay va samarali hisoblanishini ko‘rsatmoqda.
Ikkinchi o‘rinda 46,9 mingta korxona bilan xususiy korxonalar turadi. Ularning ulushi umumiy korxonalar sonida 11,5 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, 36,2 mingta oilaviy korxona mavjud bo‘lib, ularning ulushi 8,8 foizga teng. Oilaviy biznes shakli aholini ish bilan ta’minlash va kichik tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim o‘rin tutayotgani qayd etilmoqda.
Aksiyadorlik jamiyatlari esa nisbatan kam ulushga ega. Hisobot davrida mamlakatda atigi 636 ta aksiyadorlik jamiyati faoliyat ko‘rsatgan bo‘lib, bu 0,2 foizni tashkil etgan. Qolgan 3,3 mingta korxona yoki 0,8 foiz esa boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq Vaqt.uz MCHJ tashkiliy-huquqiy shaklining paydo bo‘lish tarixi, uni ochish va soliq tartibi to‘g‘risida material e’lon qilgandi.

