
O‘zbekistonda kunlik ish haqi olish imkoniyati paydo bo‘ladi
16.08.2025 | 08:3010282
Loyiha mehnat munosabatlarining moslashuvchanligini oshirishga qaratilgan va ixtiyoriy asosda ishlaydi.

O‘zbekistonda ish haqini har kuni olish imkoniyatini yaratadigan tajribaviy loyiha yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tizim asosida xodimlar ishlagan kuniyoq maoshini oladi. Loyiha mehnat munosabatlarini zamonaviylashtirish va xodimlar uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida amalga oshiriladi.
Prezident qaroriga muvofiq, tizimda ishtirok etish uchun elektron mehnat shartnomasi tuzish, raqamli platformada elektron hamyon ochish va barcha soliq hamda yig‘imlarni to‘liq to‘lash talab etiladi.
Qayd etilishicha, platforma operatori mablag‘larni «o‘sha kunning o‘zida» to‘lash tizimi asosida xodimlarga yetkazib beradi va davlat axborot tizimlari bilan uzluksiz integratsiyani ta’minlaydi.
Shu bilan birga, ish beruvchi maxsus rejim qoidalariga kirmagan bo‘lsa ham, amaldagi mehnat qonunchiligi talablariga rioya qilishi shart bo‘ladi.





