
O‘zbekistonda may oyi inflyatsiyasi ikki barobarga tezlashdi
01.06.2025 | 15:3040684
May oyida iste’mol narxlari 1,5 foizga oshdi, bu so‘nggi 12 oydagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Shu bilan birga, yillik inflyatsiya 8,7 foizgacha pasaydi — so‘nggi yildagi eng past daraja qayd etildi.

O‘zbekistonda 2025 yil may oyida oylik inflyatsiya 1,5 foizni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida ma’lum qilindi. Aprel oyiga nisbatan inflyatsiya sur’ati ikki barobarga tezlashib, 2024 yil iyunidan buyongi eng yuqori darajaga yetdi. Yanvar oyidan buyon umumiy narxlar o‘sishi 4,4 foizni tashkil etmoqda, deyiladi Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida.
Shu bilan birga, yillik inflyatsiya miqdori 8,7 foizga tushib, so‘nggi 12 oydagi eng past daraja sifatida qayd etildi. Bunday pasayishga asosiy sabab — 2024 yil mayida energiya tariflarining oshishi bilan bog‘liq «yuqori baza» ta’sirining tugashidir.
Oziq-ovqat mahsulotlari narxi mavsumiy omillar hisobiga 0,8 foizga arzonlashdi. Ayniqsa, yangi hosil hisobiga sabzavot va dukkakli mahsulotlar 10,7 foizga tushdi. Masalan, bodring 61 foizga, pomidor 27 foizga, karam 14 foizga arzonlashgan. Biroq sabzi 15 foizga qimmatlashgan.
Shuningdek, tuxum (4 foizga), guruch (0,5 foizga), parranda go‘shti va sut narxlari ham bir oz pasaydi. Ayni vaqtda, shakar 2,2 foizga, yog‘ esa 4 foizga qimmatladi. Noiste’mol tovarlar narxi bir oyda o‘rtacha 1,7 foizga, yillikda esa 8,2 foizga o‘sdi. Buning katta qismini suyultirilgan gaz (25 foiz) va avtotransport uchun metan (27 foiz) narxining ko‘tarilishi tashkil etdi.
To‘lanadigan xizmatlar sohasida inflyatsiya may oyida 5,9 foizga, yillikda esa 15,9 foizga yetdi. Bu asosan elektr energiyasi narxining o‘rtacha 18,8 foizga, gaz narxining esa 39,2 foizga ko‘tarilishi bilan bog‘liq.
Transport xizmatlari 1 foizga qimmatlashdi — avtomobil yo‘llarida 2,4 foiz, temir yo‘llarda 0,1 foiz o‘sish kuzatildi. Ammo Uzbekistan Airways ichki reyslari uchun yangi tariflar fonida aviachiptalar 5,4 foizga arzonlashdi.
Avvalroq O‘zbekiston Markaziy banki 2025 va 2026 yillar uchun inflyatsiya bo‘yicha prognozlarini yomonlashtirgani ma’lum qilingan edi.





