add

O‘zbekistonda minerallardan mahsulot ishlab chiqargan investorlarga 10 yil davomida renta solig‘i qaytariladi

11.06.2025 | 14:0048544

Toshkent xalqaro investitsiya forumida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda texnologik minerallar sohasida ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidlab, to‘liq ishlab chiqarish zanjirini yo‘lga qo‘ygan investorlarga 10 yil davomida renta solig‘i qaytarilishini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda minerallardan mahsulot ishlab chiqargan investorlarga 10 yil davomida renta solig‘i qaytariladi
Prezident Mirziyoyevning aytishicha, «to‘rtinchi sanoat inqilobi» dunyoda texnologik minerallarga bo‘lgan talabni bir necha barobar oshirgan. O‘zbekiston hududida volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, vanadiy va titan kabi ko‘plab strategik minerallar zaxiralari aniqlangan. Mamlakat yer osti boyliklarining umumiy potensiali 3 trillion dollarga baholanmoqda. Shu munosabat bilan Toshkent va Samarqand viloyatlarida «kelajak metalllari» texnoparklari barpo etilmoqda. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ushbu hududlarni minerallardan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish markaziga aylantirish maqsad qilingan. Yangi tashabbusga ko‘ra, geologik qidiruv ishlaridan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirini amalga oshirgan investorlarga 10 yil mobaynida renta solig‘i qaytarib beriladi. Prezident ushbu chora orqali mamlakatga investitsiya oqimini kuchaytirish, sohadagi strategik hamkorlikni rivojlantirishni ko‘zlayotganini bildirdi. Uning qayd etishicha, bu orqali O‘zbekiston hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli munosabatlar o‘rnatib, yangi loyihalarga yo‘l ochadi. Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston AQSH va Buyuk Britaniya bilan muhim minerallar sohasida kelishuvlar ustida ish olib bormoqda. Mamlakat shu paytgacha AQSH bilan kritik minerallar bo‘yicha memorandum imzolagan, Fransiya va Malayziya kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalar yuzasidan kelishuvga erishgan. O‘zbekistonda 2022 yil 1 yanvardan e’tiboran renta solig‘i joriy etilgan edi. U qimmatbaho va rangli metallar, radiatsion elementlar, uglevodorodlar va boshqa mineral mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun mo‘ljallangan. Ayrim kompaniyalarga ushbu soliqdan imtiyozlar ham berilgan edi. Endi esa barqaror ishlab chiqarish loyihalari uchun to‘lov qaytarilishi ko‘zda tutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid