Logo

O‘zbekistonda muhim minerallar bo‘yicha 4,2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi

Kecha 22:403 daqiqa

Mamlakat yaqin yillar ichida 28 turdagi muhim minerallar, jumladan selen, tellur va reniy kabi yangi metallarni sanoat darajasida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

O‘zbekistonda muhim minerallar bo‘yicha 4,2 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi © Foto: reuters

O‘zbekistonda muhim minerallar xomashyo bazasi kengaytirilib, 2026–2030 yillarda umumiy qiymati 4,2 milliard dollarlik 120 ta loyiha amalga oshiriladi va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoat uchun muhim minerallar xomashyo bazasini rivojlantirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yuzasidan taqdimot bilan tanishgan paytda ma’lum qilindi.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish orqali tarmoq hajmini 2028 yilgacha 1 milliard dollarga, 2030 yilgacha esa 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati mavjud.

Dunyoda texnologiyalik metallar va muhim minerallarga talab keskin ortib borayotgan sharoitda, elektrotexnika, mashinasozlik, aviatsiya, energetika va tibbiyot kabi tarmoqlar uchun zarur bo‘lgan bunday xomashyo iqtisodiy xavfsizlik omiliga aylanmoqda. Toshkent davlat texnika universiteti bilan dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, Texnologiyalik metallar kombinatida 2 ta kafedra ochilgan va 64 nafar talaba ishlab chiqarish amaliyotini o‘tamoqda.

Joriy yilning o‘zida 166 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirilishi belgilangan. Natijada yuqori soflikdagi selen, tellur va reniy kabi 3 turdagi yangi metall, kukun metallurgiyasi asosida avtodetallar singari 21 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hamda sulfat kislotasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yangi quvvatlar hisobidan yuzlab ish o‘rinlari yaratiladi, budjet tushumlari va eksport imkoniyatlari ortadi.

Hozirda O‘zbekiston texnologiyalik metallar kombinatining faoliyati asosan volfram va molibden ishlab chiqarish bilan cheklanayotgan bo‘lsa-da, yangi konlarni o‘zlashtirish va yangi zavodlar qurish orqali 28 turdagi muhim minerallarni sanoat darajasida ishlab chiqarish imkoniyati bor. Volfram va molibden bo‘yicha «xomashyo – qayta ishlash – tayyor mahsulot» zanjiri tashkil etilib, faqat konsentrat emas, balki metall kukunlari, qotishmalar, sterjenlar, simlar va sanoat uchun detallar ishlab chiqarish maqsad qilingan.

Chirchiqda «Kelajak metallari» texnoparki va nanotahlil laboratoriyasi tashkil etiladi

Chirchiq shahrida «Kelajak metallari» texnoparki va R&D markazining faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish belgilangan bo‘lib, u yerda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlagan holda innovatsion mahsulotlar ishlab chiqariladi. Prezident texnopark rezidentlariga yer va infratuzilmadan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar berish hamda startaplarni moliyalashtirish dasturini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, Chirchiqda tashkil etilayotgan nanotahlil laboratoriyasi Markaziy Osiyoda muhim minerallar bo‘yicha yagona ilmiy-tadqiqot markaziga aylanadi va kuniga 1 mingtagacha namunani tahlil qilib, 6,5 million dollarlik import xizmatlarini mahalliylashtiradi, yana 4 million dollarlik xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yadi.

Loyihalarni tezlashtirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari kengaytiriladi, konlar xalqaro standartlar asosida baholanadi, texnogen chiqindilar qayta ishlanadi va xorijiy investorlar faol jalb etiladi. Tarmoqda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilib, geologik ma’lumotlar yagona raqamli bazaga jamlanadi, qidiruv ishlari 3D modellashtiriladi va jarayonlar real vaqt rejiminda nazorat qilinadi. Davlat rahbari muhim minerallar sohasi yangi sanoat tarmoqlarini shakllantirish, eksportni ko‘paytirish va texnologik mustaqillikni ta’minlashda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, mutasaddilarga 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan loyihalar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Teglar

Mavzuga oid