add

O‘zbekistonda narkodispanser bemorlarining faqat 8–10 foizi to‘liq shifo topmoqda

02.12.2025 | 11:351062 daqiqa

O‘zbekistonda giyohvandlikka chalingan bemorlar soni oxirgi yillarda keskin ko‘paydi. Hozirda narkodispanserlar hisobida 8 500 ga yaqin bemor ro‘yxatda turibdi. Bir yil avval ular 5 300 nafar bo‘lgan bo‘lsa, to‘rt yil muqaddam bu ko‘rsatkich bundan ancha past edi.

O‘zbekistonda narkodispanser bemorlarining faqat 8–10 foizi to‘liq shifo topmoqda

Mamlakatda noqonuniy narkotiklar muomalasi va giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha vaziyat og‘irlashib bormoqda. Oxirgi besh yilda noqonuniy narkotiklar musodarasi 67 foizga, sintetik vositalar musodarasi esa 80 foizga oshgan. 2025 yilning o‘n oyida 12 248 ta narkotik bilan bog‘liq jinoyat aniqlangan va uch tonnadan ortiq moddalar musodara qilingan. Bu haqda «Giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish — qat’iy va doimiy nazoratni talab qiladigan muhim masala» mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Statistikaga ko‘ra, 2021 yilda 7 142 ta, 2022 yilda 8 681 ta, 2023 yilda 10 011 ta va 2024 yilda 12 278 ta narkotik jinoyati qayd etilgan. 2025 yilning o‘tgan davrida 8 433 kishi ushlangan bo‘lib, bir yil ichida jinoyatchilik 16 foizga o‘sgan. Ichki ishlar vazirligi va Bojxona qo‘mitasi vakolatli shaxslari narkotiklarni mamlakatga olib kirish usullari tobora murakkablashganini qayd etdi. Gaz ballonlari, maishiy mahsulotlar, suyuq kosmetikalar va internet orqali savdo kabi xilma-xil usullar qo‘llanilayotgani ma’lum qilindi.

Tibbiy muassasalardagi ahvol ham xavotirli. Respublika ruhiy salomatlik markazi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda 8 500 ga yaqin bemor narkodispanser hisobida turibdi. Bir yil avval ular 5 300 nafar bo‘lgan, oxirgi besh yilda esa giyohvandlar soni 53 foizga oshgan. Sintetik moddalardan zararlanganlar to‘rt barobar, opiyli moddalarga mukkasidan ketganlar esa ikki barobar ko‘paygan. Yoshlar orasida kasallanish ayniqsa tez o‘smoqda: besh yil avval 60 kishi bo‘lgan bo‘lsa, bugun 700 nafarga yaqinlashgan.

Dispanserlarda 2 400 ta koyka mavjud bo‘lib, ixtiyoriy davolanishda navbat yo‘q, ammo sud qarori bilan majburiy davolanishi kerak bo‘lganlar uchun joy kam. Bir bemorni davolashga davlat byudjeti hisobidan yiliga 60 million so‘mgacha sarflanadi. Umuman, narkodispanserlarda ro‘yxatda turganlar uchun yiliga 300 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, bemorlarning aksari kech bosqichda murojaat qilgani bois, ularni hayotga qaytarish qiyin kechadi. Hozirgi kunda narkomanlarning bor-yo‘g‘i 8–10 foizi to‘liq shifo topmoqda. Besh yil avval tibbiy samara 10 foiz bo‘lgan bo‘lsa, xorijda malaka oshirgan 120 mutaxassis hisobiga bu ko‘rsatkich 48 foizgacha oshgan.

Mutaxassislar narkotiklar ta’sirida immunitet pasayib, OITS, gepatit, infarkt, insult, jigar sirrozi kabi og‘ir xastaliklar xavfi ortayotganini eslatdi. Mamlakat bo‘ylab narkotik iste’mol qiluvchilarning 60 foizi katta yoshlilar bo‘lsa-da, 25–30 yoshlilar ulushi ham oshib bormoqda. Eng ko‘p holatlar Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Samarqand va Farg‘ona viloyatida qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid