
O‘zbekistonda narkotik va qurollarga qarshi maxsus agentlik tuzildi
16.07.2025 | 20:0015373
Prezident farmoniga asosan mamlakatda Davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy etildi. Unga ko‘ra, narkotik moddalar va o‘qotar qurollar ustidan nazorat qilish uchun alohida agentlik tashkil etildi. Qator tuzilmalarga ham tuzatishlar kiritildi.

2025 yil 14 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti tomonidan «Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmon imzolandi. Unga ko‘ra, mamlakatda bir nechta muhim institutsional o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Farmoniga muvofiq, O‘zbekistonda Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashkil etildi.
Shuningdek, hujjat quyidagi o‘zgarishlarni nazarda tutadi:
🔹Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tugatilib uning axborot sohasida nazorat va monitoring bo‘yicha vazifa va funksiyalari Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga o‘tkazildi;
🔹Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz Administratsiya bo‘ysunuviga o‘tkazildi;
🔹Administratsiya Matbuot xizmati media-markazi negizida Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashkil etildi;
🔹Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi;
🔹Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Administratsiya bo‘ysunuviga o‘tkazildi.
2025 yil 1 sentyabrgacha quyidagilarga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi:
➖byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, takrorlanuvchi nazorat funksiyalarini bekor qilish, qaror qabul qilishda shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini oshirish;
➖ hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish borasida mahalliy hokimliklar iqtisodiy, ma’muriy va moliyaviy vakolatlarini yanada kengaytirish.





