O‘zbekistonda oltin quymalar narxi arzonlashdi
5 grammli quyma narxi 10 mln so‘mdan pasaydi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bir gramm oltin narxi 1 987 200 so‘mni tashkil etdi.

O‘zbekistonda oxirgi 20 kundagi rekord o‘sishdan keyin 5 grammli oltin quyma narxi 10 mln so‘mdan pasaydi. Markaziy bankning 18-fevral kuni e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, bir gramm oltinning narxi 1 987 200 so‘mni tashkil etdi.
Yangi narxlarga ko‘ra:
— 10 grammli quyma 19 million 872 ming so‘m;
— 20 grammli 39 million 744 ming so‘m;
— 50 grammli 99 million 361 ming so‘m;
— 100 grammli quyma 198 million 722 ming so‘mdan sotilmoqda.
Qaytarib olish narxlari esa quymaning qadog‘i but yoki texnik talablarga mos emasligiga qarab farq qiladi.

Yil boshida oltin quymalar narxi keskin o‘sgan edi. 12-yanvar kuni 5 grammli quyma ilk bor 9 million so‘mdan oshdi. 26-yanvar kuni esa 10 million so‘mlik marra zabt etgandi. 29-yanvarda quymalar narxi ketma-ket sakkizinchi kun rekord yangilab, 5 grammli quyma birinchi marta 10,8 million so‘mdan yuqoriga ko‘tarlgan edi.
Biroq shundan so‘ng bozorda pasayish boshlandi. 9-fevral kuni 5 grammli quyma 10 million 60 ming so‘m, 16-fevral kuni esa 10 million 100 ming so‘m atrofida bo‘lgan. 18-fevral holatiga kelib esa narx 10 millionlik chegaradan pastga tushdi.





