
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi yangi rekordga chiqdi
Ichki bozorda oltin qiymati jahon konyunkturasi ta’sirida o‘sishda davom etib, quymalar narxi yana yuqoriladi.

O‘zbekistonda oltin quymalari narxi yana rekord ko‘rsatkichni qayd etdi. O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 27-yanvar holatiga bir gramm oltinning narxi 2 mln 37 ming 400 so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich ichki qimmatbaho metallar bozorida so‘nggi oylarda kuzatilayotgan barqaror o‘sishni tasdiqlamoqda.
Quyma oltin narxlari
Markaziy bank belgilagan rasmiy narxlarga muvofiq, 27-yanvar kuni oltin quymalari quyidagi qiymatlarda sotildi:
5 gramm — 10 mln 187 ming so‘m;
10 gramm — 20 mln 373 ming so‘m;
20 gramm — 40 mln 746 ming so‘m;
50 gramm — 101 mln 866 ming so‘m;
100 gramm — 203 mln 732 ming so‘m.
Oltin quymalari narxi so‘nggi haftalarda ketma-ket tarixiy chegaralarni bosib o‘tmoqda. Xususan, 2026 yil 12-yanvar kuni 5 grammli quyma ilk bor 9 million so‘mdan oshgan edi. 26-yanvar kuni esa ushbu quymaning narxi birinchi marta 10 million so‘mdan yuqori ko‘rsatkichga chiqib, yangi rekord o‘rnatdi.
Qaytarib olish narxlari
Shu bilan birga, Markaziy bank 5-yanvardan boshlab oltin quymalarini qayta sotib olish narxlarini e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘ygan. 27-yanvar kunida qayta sotib olish qiymatlari quymaning qadog‘i butun yoki buzilgan bo‘lishi, shuningdek texnik talablarga mosligiga qarab alohida belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Jahon bozorida esa 26-yanvar kuni oltin narxi ilk bor bir unsiya uchun 5 ming dollar chegarasidan oshdi. Qimmatbaho metall 2025 yil davomida 60 foizdan ortiq qimmatlab, so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda. Mutaxassislar bu jarayonni global beqarorlik va investorlar xavfdan qochish strategiyasi bilan izohlamoqda.





