
O‘zbekistonda o‘qituvchilarning 71 foizini ayollar tashkil qiladi
01.10.2025 | 12:303763
2024/2025 o‘quv yili boshiga mamlakatda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar soni 564,9 ming nafarga yetdi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar umumiy soni 564,9 ming nafarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2015/2016 o‘quv yiliga nisbatan 170,9 ming nafarga ko‘p bo‘lib, o‘sish 43,4 foizni qayd etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘qituvchilarning katta qismi ayollar hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 401,3 ming nafar yoki 71 foizini ayollar, 163,6 ming nafar yoki 29 foizini erkaklar tashkil etgan. Bu ta’lim sohasida ayollarning yetakchi o‘rni saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
Oxirgi o‘n yillikda o‘qituvchilar soni bosqichma-bosqich oshib borgan. Masalan, 2015/2016 o‘quv yilida 385 ming nafar bo‘lgan o‘qituvchilar 2019/2020 yilda 486,6 ming nafarga, 2023/2024 yilda esa 547,8 ming nafarga yetdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda o‘qituvchilar sonining oshishi ta’lim sifatini yaxshilash, maktab yoshidagi bolalarni to‘liq dars jarayonlariga qamrab olish va o‘quv jarayonida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Bu holat, ayniqsa, yangi maktablar qurilishi va qo‘shimcha kadrlar jalb etilishi bilan chambarchas bog‘liq.





