add

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 20 foizga pasaydi — hh.uz

07.10.2025 | 08:0250665

hh.uz ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning uchinchi choragida mamlakat bo‘ylab taklif etilayotgan maoshlar o‘rtacha 4,36 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga kamaygan.

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 20 foizga pasaydi — hh.uz
Joriy yil iyul—sentyabr oylarida O‘zbekistonda ish beruvchilar tomonidan 33 mingdan ziyod faol vakansiya joylashtirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 24 foiz ko‘p, deb yozmoqda Spot.uz nashri hh.uz ishga joylashish platformasi ma’lumotlariga asoslanib. Eng ko‘p ish takliflari hali ham Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, ammo uning ulushi 81,9 foizgacha tushgan (2024 yilda 90 foizdan ortiq edi). Jizzaxda ish takliflari 1,5 barobarga, Namanganda 49 foizga, Andijon, Farg‘ona, Buxoro va Samarqandda esa 40 foizdan ko‘proq oshgan. Shunga qaramasdan, Samarqandning umumiy ulushi 4,8 foizni, boshqa shaharlarniki esa 1,6 foizdan oshmagan. Maoshlar bo‘yicha esa mamlakat bo‘ylab median ko‘rsatkich 4 mln 362 ming so‘mni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 20,2 foizga kam. Toshkentda o‘rtacha ish haqi 5,08 mln so‘m bo‘lib, deyarli 41 foizga tushgan. Eng katta maosh o‘sishi Andijonda (+25 foiz) va Farg‘ona hamda Samarqandda (+2,7 foiz) qayd etilgan. Eng katta pasayish Navoiyda (2 barobarga), Qarshida (–92,3 foiz) va Chirchiqda (–21,6 foiz) kuzatilgan. Eng yuqori maoshli sohalar qatoridan yuqori va o‘rta menejment (8,94 mln so‘m), yurisprudensiya (6,5 mln so‘m), avtosanoat (6,48 mln so‘m), qishloq xo‘jaligi (6,16 mln so‘m) hamda investitsiya va konsalting sohalari (5,44 mln so‘m) joy olgan. Ular orasida faqat agrar sohada maoshlar pasaymagan. Eng past ish haqi xavfsizlik sohasida (1,59 mln so‘m) va sug‘urtada (2,36 mln so‘m) qayd etildi. Maishiy xizmat sohasi xodimlari 2,4 mln so‘m, umumiy ovqatlanish va mehmonxona sohalari xodimlari esa o‘rtacha 2,65 mln so‘m ish haqi olgan. IT sohasidagi takliflar esa o‘rtacha 4,35 mln so‘mni tashkil etdi. Moliya va buxgalteriya yo‘nalishida maoshlar 47,7 foizga, qurilishda esa 62,5 foizga pasaygan. Shu bilan birga, sug‘urta, HR va chakana savdo sohalarida ishchi kuchiga talab oshgani qayd etilgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarim yilligida mamlakat bo‘yicha o‘rtacha nominal ish haqi 5,98 mln so‘mni tashkil etgan va bu o‘tgan yilga nisbatan 17,2 foizga ko‘pdir.

Teglar

Mavzuga oid