add

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi ma’lum qilindi

26.01.2026 | 15:432 daqiqa

Mamlakatda o‘rtacha ish haqi qariyb 20 foizga oshib, eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan hududlar va sohalar ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi ma’lum qilindi

2025 yilda O‘zbekiston Respublikasida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 mln 376,7 ming so‘mni tashkil etdi, deya xabar qildi Milliy statistika qo‘mitasi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 18,9 foizga o‘sgan.

Hududlar kesimida ish haqlari

Hududlar orasida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi an’anaviy ravishda Toshkent shahrida qayd etildi. Poytaxtda ushbu ko‘rsatkich 10 mln 753,8 ming so‘mni tashkil etib, bir yilda 18,3 foizga oshgan. Shu bilan birga, Navoiy viloyatida ham nisbatan yuqori ish haqi saqlanib qolib, 7 mln 871,6 ming so‘mga yetdi.

Eng past o‘rtacha oylik ish haqi sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalari ulushi katta bo‘lgan hududlarda kuzatildi. Xususan, Qashqadaryo viloyatida ish haqi 4 mln 476,7 ming so‘m, Surxondaryo viloyatida 4 mln 481,8 ming so‘mni tashkil etdi. Samarqand, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ham o‘rtacha ish haqi 4,7–4,8 million so‘m atrofida shakllangan. Shu bilan birga, Namangan viloyatida o‘sish sur’ati yuqori bo‘lib, 22,8 foizga yetgani qayd etildi.

Sohalar bo‘yicha

Iqtisodiy faoliyat turlari tahlili ish haqidagi eng katta tafovutlar aynan sohalar kesimida ekanini ko‘rsatdi. Eng yuqori ish haqi bank, sug‘urta, lizing va kredit vositachiligi sohasida qayd etildi — 17 mln 597,5 ming so‘m. Axborot va aloqa sohasida bu ko‘rsatkich 15 mln 298,1 ming so‘mga yetdi.

Eng tez o‘sish sur’ati esa san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida kuzatilib, ish haqi bir yilda 26,4 foizga oshib, 5 mln 448,2 ming so‘mni tashkil etdi. Ta’lim sohasida ham sezilarli o‘sish qayd etildi — 20,1 foiz.

Shuningdek, eng past ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida saqlanib qolmoqda — 3 mln 909,3 ming so‘m. Yashash va ovqatlanish xizmatlari hamda qurilish sohalarida o‘sish sur’ati nisbatan past bo‘lib, 9 foiz atrofida qayd etildi.

Teglar

Mavzuga oid