O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshga yetdi
Sog‘liqni saqlash vazirligi umr ko‘rish davomiyligini oshirish maqsadida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va erta o‘limni kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirayotganini bildirdi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaSenatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasining sayyor yig‘ilishida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Inson taraqqiyoti indeksi doirasida umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi umr ko‘rish davomiyligini oshirish maqsadida tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va erta o‘limni kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirayotganini bildirdi.
Buning natijasida O‘zbekistonda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshga yetdi va bu ko‘rsatkichni 2026 yil oxiriga kelib 75,5 yoshga, 2030 yilga kelib esa 78 yoshga yetkazish rejalashtirilgan.
Sog‘liqni saqlash vaziri 2025 yilda respublika bo‘ylab 5,6 million bolani 13 turdagi vaksina bilan nazorat qilinadigan yuqumli kasalliklarga qarshi emlash tadbirlari tashkil etilganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, 2025 yil davomida 15-49 yoshdagi 9,3 milliondan ortiq ayollarning 9,2 millioni tasdiqlangan tarmoq rejasi asosida respublikadagi birlamchi tibbiy yordam muassasalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tgan. Ulardan 3,3 millioniga turli kasalliklar tashxisi qo‘yilgan va 3,2 millioniga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilgan.
231 ta tug‘uruqxonani 23 turdagi zamonaviy uskunalar bilan ta’minlash bo‘yicha «Ishonch 2030» loyihasi doirasida UNICEF 2,17 million AQSH dollari qiymatidagi ehtiyot qismlar bilan birga 3 turdagi 409 ta uskunani sotib oldi.
Senatorlar tomonidan mahallalar sharoitida aholining tibbiy inventarizatsiyasini o‘tkazish tizimini takomillashtirish va surunkali kasalliklarga moil bo‘lgan shaxslarni maqsadli skriningdan o‘tkazish, shuningdek, yurak-qon tomir kasalliklari, diabet va nafas olish yo‘llari kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarni birlamchi tibbiy yordamda bepul dori-darmonlar bilan ta’minlashni yanada kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.





