
O‘zbekistonda pul massasi 292 trln so‘mdan oshdi: faol kengayish tendensiyasi davom etmoqda
29.05.2025 | 11:1022042
O‘zbekistonda keng ma’nodagi pul massasi 2025 yil aprel oyida 10,5 trln so‘mga oshib, 1 may holatiga 292,0 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.

Ushbu ko‘rsatkichlar mamlakat iqtisodiyotida pul taqchilligi emas, balki muomaladagi likvidlik darajasining oshganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, milliy valyutadagi pul massasi 6,2 trln so‘mga ko‘payib, 231,7 trln so‘mni tashkil etgan.
Oy davomida naqd pullar miqdori 872 mlrd so‘mga ko‘payib, 53,3 trln so‘mga yetgan. Bu aholi va sub’ektlar tomonidan naqd pulga talab o‘sishini bildiradi.
Yillik hisobda milliy valyutadagi pul massasi 40 foizga o‘sib, bu jarayonning yanada jadallashganini tasdiqlamoqda. Bu esa iqtisodiy faollik va aholining pul daromadlaridagi o‘sish bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, vakillik hisobvaraqlaridagi qoldiqlar oy davomida 1,8 trln so‘mga kamayib, 21,0 trln so‘mni tashkil qilgan. Bu yuridik shaxslar yoki xorijiy ishtirokchilarning ushbu vositalar orqali faolligi pasayganini ko‘rsatishi mumkin.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, pul agregatlari orqali iqtisodiy dinamika va likvidlik holatiga doimiy monitoring olib borilmoqda.





