
O‘zbekistonda qaysi sohalarda xorijiy korxonalar ko‘p?
Mamlakatda faoliyat olib borayotgan chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yil 1-dekabr holatiga O‘zbekistonda chet el investitsiyasi ishtirokida 17 900 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 4 228 tasi qo‘shma korxonalar, 13 762 tasi esa to‘liq xorijiy korxonalar hisoblanadi.
O‘zbekistonda chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha yetakchi davlatlar qatorida Xitoy 4 873 ta korxona bilan birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, undan keyin Rossiya (3 209 ta), Turkiya (2 109 ta), Qozog‘iston (1 199 ta), Janubiy Koreya (691 ta), Afg‘oniston (637 ta), BAA (404 ta), Tojikiston (386 ta), Hindiston (364 ta) va AQSH (353 ta) joy olgan.
Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida xorijiy korxonalarning eng katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur yo‘nalishda 6 403 ta korxona ish yuritib, umumiy xorijiy biznesning eng yirik segmentini tashkil etmoqda. Ikkinchi o‘rinda sanoat sohasi joylashgan bo‘lib, bu yerda 3 706 ta xorijiy korxona faoliyat olib bormoqda.
Qurilish sohasida 1 389 ta, axborot va aloqa sohasida esa 1 377 ta xorijiy korxona qayd etilgan. Bu ko‘rsatkichlar infratuzilma, raqamli xizmatlar va telekommunikatsiya bozoriga bo‘lgan qiziqish yuqori ekanini anglatadi.
Yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida 737 ta, tashish va saqlash yo‘nalishida 586 ta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda. Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi sohasida 447 ta, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida esa 209 ta xorijiy korxona mavjud. Qolgan 3 046 ta korxona boshqa iqtisodiy sohalar hissasiga to‘g‘ri keladi.





