
O‘zbekistonda qishda elektr energiyasi iste’moli rekord darajaga chiqadi: mutasaddilar tayyormi?
30.09.2025 | 09:2746604
Mutasaddilarga ko‘ra, qishda mamlakatda sutkalik elektr energiyasi iste’moli 300 mln kWh dan oshib, quvvat 13 GWdan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ raisi Dadajon Isaqulovning ta’kidlashicha, bu yil qish mavsumida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 300 mln kWh dan oshishi, maksimal quvvat esa 13 GWdan ziyod bo‘lishi kutilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, 5 oktyabrga qadar tizim to‘liq qishki mavsumga tayyor bo‘ladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 sentyabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishda paxta terimi, investitsiyalar, eksport va «Yashil makon» dasturi bilan bir qatorda qishki mavsumga tayyorgarlik masalalarini ham keskin tanqid qildi. Xususan, poytaxtdagi 661 ko‘p qavatli uy tayyor emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Toshkentda joriy yilda 64 mlrd so‘mlik dastur amalga oshirilib, 319 km kabel almashtiriladi, 48 ta transformator modernizatsiya qilinadi. Ishlarning birinchi bosqichi 1 noyabrga qadar, barcha ishlar esa yil oxiriga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, 53 ta podstansiya, 900 kmdan ortiq yuqori kuchlanishli kabel va 19 ta podstansiya yangilanmoqda. Minenergo va sohaviy tashkilotlar muntazam ravishda kechayu-kunduz ishlash tizimiga o‘tkazilgan.
Energetika va gaz ta’minoti bo‘yicha zaxiralar yaratilgan: 330 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlangan, hududlarga 40 mingdan ziyod qo‘shimcha gaz balloni yetkazilgan. Shuningdek, avariya brigadalari ham shakllantirildi.
Yozdagi anomal issiqlikda ham rekord ko‘rsatkich qayd etilgan edi. Xususan, 18 iyulda mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi iste’moli 272,6 mln kWh ga yetgan, bu qishdagi maksimaldan ham yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Poytaxtda iste’mol bir yil ichida 30 foizga oshib, 32,4 mln kWh ga yetdi.





