
O‘zbekistonda raqamlashtirish tufayli vazirlik va idoralarda 2 mingdan ortiq xodim qisqartiriladi
08.10.2025 | 09:215014
Prezident raqamli boshqaruvni joriy etish orqali davlat tuzilmalarida optimallashtirishni boshladi, ishsiz qoluvchilarga yordam ko‘rsatish topshirildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida keng ko‘lamli raqamlashtirishni joriy etish hisobiga boshqaruv shtat birliklari sonini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Hujjat davlat boshqaruvini raqamli formatga o‘tkazish, ma’muriy xarajatlarni qisqartirish va samaradorlikni oshirishga qaratilgan.
Farmonga muvofiq, respublika miqyosida 2141 nafar davlat xizmatchisi qisqartiriladi. Bu jarayonda mehnat qonunchiligi talablariga qat’iy rioya etish hamda ishsiz qolgan xodimlarni yangi ish o‘rinlariga joylashtirish belgilandi.
Qisqartirish eng ko‘p Suv xo‘jaligi vazirligida — 224 nafar, Qishloq xo‘jaligi vazirligida — 218 nafar, Adliya vazirligida — 197 nafar, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi vazirligida — 176 nafar, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida esa — 163 nafarni tashkil etadi.
Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasidan 486 nafar, Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan 65 nafar xodim qisqartiriladi. Qo‘mitalar va agentliklarda rahbar o‘rinbosarlari soni ham sezilarli darajada kamayadi — ayrim tuzilmalarda ikki barobargacha.
Natijada davlat byudjeti hisobiga ishlaydigan xodimlar soni 43 ming 300 nafardan ortiqqa, byudjetdan tashqari jamg‘armalarda esa qariyb 3,7 ming nafarga qisqaradi.
Mas’ul idoralarga markaziy apparat va tizim tashkilotlaridagi lavozimlarni qayta ko‘rib chiqish, yangi raqamli boshqaruv modelini joriy etish bo‘yicha komissiyalar tuzish vazifasi yuklatilgan.
Bandlik vazirligi kasaba uyushmalari bilan hamkorlikda qisqartirilgan xodimlarni ishga joylashtirish va ularning mehnat huquqlarini himoya qilish choralarini amalga oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab mamlakatdagi barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimi bekor qilinib, uning o‘rnida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etilgan.





