
O‘zbekistonda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
2025 yilning o‘n bir oyida sanoat mahsulotlari hajmi ortib, hududlar kesimida yirik ishlab chiqarish hajmlari Toshkent shahri va Navoiy viloyatlariga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekistonda 2025 yil yanvar–noyabr oylarida jami 963,3 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,8 foizga o‘sgan.
Sanoat ishlab chiqarish hajmining oshishi mamlakat iqtisodiyotida ishlab chiqarish sektori yetakchi o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi. Hisobot davrida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlari hajmi respublika bo‘yicha o‘rtacha 25,5 mln so‘mni tashkil etgan.
1-dekabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 59,6 mingta sanoat korxonalari faoliyat yuritmoqda. Ushbu korxonalar yirik sanoat tarmoqlari bilan bir qatorda kichik va o‘rta ishlab chiqarish sub’ektlarini ham o‘z ichiga oladi. Bu esa sanoat tarmog‘ining diversifikatsiyasi va hududiy rivojlanishini ta’minlamoqda.
Hududlar kesimida eng yuqori sanoat ishlab chiqarish hajmi Toshkent shahrida qayd etilgan. Poytaxtda 184,4 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu umumiy hajmning sezilarli qismini tashkil etadi. Navoiy viloyati 173,5 trln so‘m bilan ikkinchi o‘rinni egallab, yirik kon-metallurgiya va sanoat korxonalari hissasi yuqori ekani bilan ajralib turadi.
Toshkent viloyatida 146,9 trln so‘mlik, Andijon viloyatida 94,9 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida mos ravishda 51,3 trln so‘m va 50 trln so‘mlik ko‘rsatkichlar qayd etilgan. Qolgan hududlarda ham sanoat ishlab chiqarishi barqaror sur’atlarda rivojlanib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 10 oyda metallurgiya ishlab chiqarishi 184 trln so‘mdan oshgani haqida xabar bergandik.





