
O‘zbekistonda sement eksporti qariyb 4 barobarga oshdi
O‘zbekiston sement eksportida asosiy xaridorlar Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Afg‘oniston va Tojikiston davlatlari bo‘ldi.

2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston 4 ta xorijiy davlatga 44,4 mln AQSH dollarlik qariyb 1,1 mln tonna sement eksport qilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 794,6 ming tonnaga yoki 3,8 barobarga oshdi. O‘zbekiston sementni 4 ta qo‘shni mamlakatga eksport qilgan.
O‘zbekistondan eng ko‘p — 488,7 ming tonna sement Qirg‘iz Respublikasiga yetkazib berilgan. Bu umumiy eksport hajmining qariyb yarmini tashkil etadi.
Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston – 316,8 ming tonna, uchinchi o‘rinda esa 272,7 ming tonna bilan Afg‘oniston qayd etilgan. Tojikistonga jo‘natilgan sement hajmi nisbatan kichik bo‘lib, 267 tonnani tashkil etdi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 2025 yil yanvar-iyun oylarida qariyb 9,2 mln tonna sement ishlab chiqarilgan.





