
O‘zbekistonda shaxsiy investitsiya hisobvaraqlari: yangi bosqich va imkoniyatlar
30.09.2025 | 08:026075
Shaxsiy investitsiya hisobvaraqlari (SHIH) fuqarolarga qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritish va soliq imtiyozlaridan foydalanish imkonini berib, moliyaviy savodxonlik va jamg‘arma madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda kapital bozorini rivojlantirish va aholi moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida shaxsiy investitsiya hisobvaraqlari (SHIH) tizimi joriy etildi. Bu mexanizm fuqarolarga qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritish bilan birga, soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
SHIH tizimi O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 2 sentyabrdagi qaroriga asosan ishlab chiqilib, 2024 yil iyun oyida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan nizom orqali yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra, fuqarolar ish haqi va boshqa daromadlarining bir qismini SHIHga yo‘naltirishi va mahalliy fond bozoridagi qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritishi mumkin.
Eng muhim jihat shundaki, Soliq kodeksining 378-moddasiga muvofiq, ushbu mablag‘lar 12 foizlik jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod etiladi. Bunda ikki shart bajarilishi zarur: birinchidan, bir yilda yo‘naltirilgan mablag‘ eng kam ish haqining 100 baravaridan oshmasligi, ikkinchidan esa mablag‘lar kamida 12 oy davomida hisobvaraqiga qaytarib olinmasligi kerak.
SHIHlar bir yillik shartnoma asosida investitsiya vositachilari orqali ochiladi. Jarayon oddiy: fuqaro ariza va shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etadi, shundan so‘ng hisob ochiladi va mablag‘ qimmatli qog‘ozlarga yo‘naltiriladi. Olingan foyda esa soliqlar hisobidan keyin to‘liq holda investorga qaytariladi.
Bunday mexanizmlar dunyoning ko‘plab mamlakatlarida samarali qo‘llanib kelmoqda. Masalan, Britaniyada — ISA, Germaniyada — Rürup-Rente, AQSHda — IRA, Yaponiyada — NISA, Rossiyada esa 2015 yildan buyon IIS tizimi amal qilib kelmoqda. Ular orqali aholi sarmoya faoliyati kuchaygan va kapital bozoriga ichki mablag‘ oqimi oshgan.
O‘zbekistonda ham SHIH joriy qilinishi moliya bozori uchun yangi bosqich bo‘lib, fuqarolarga uzoq muddatli jamg‘armalar yaratish, moliyaviy intizomni shakllantirish va qo‘shimcha daromad topish imkonini beradi. Korxonalar uchun esa SHIH orqali to‘plangan kapital yangi loyihalarni moliyalashtirishda muhim manba bo‘ladi.
Yaqin yillarda SHIH ommaviylashsa, jamg‘arma tushunchasi asta-sekin investitsiya madaniyatiga aylanishi mumkin. Bu esa nafaqat investorlar, balki butun moliya tizimi rivojiga hissa qo‘shishi kutilmoqda.





