
O‘zbekistonda soliq islohotlari davom ettirilishi shart — Yuliy Yusupov
07.07.2025 | 13:004603
Yuliy Yusupov O‘zbekistonda 2019 yilda boshlangan soliq islohotlari iqtisodiyotga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatganini qayd etdi. Lekin u soliq tizimida hal qilinishi lozim bo‘lgan muhim muammolar hali ham mavjudligini ta’kidladi.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov fikricha, O‘zbekistondagi 2019 yilgi soliq islohotlari orqali ish haqi soliqlarining keskin pasaytirilishi, QQS stavkasi 20 foizdan 12 foizga tushirilishi va aylanma soliq bekor qilinishi kabi choralar soliq yukini sezilarli darajada yengillashtirgan.
Shunga qaramay, so‘nggi yillarda ayrim xizmat sohalarida soliq yuki hali ham yuqori ekani, umumiy va soddalashtirilgan rejimlar o‘rtasidagi farqlar ba’zi bizneslarni soya iqtisodiga olib kirishiga sabab bo‘layotgani aniqlangan. Bu, ayniqsa, QQS qaytarilishi imkonsiz bo‘lgan sohalarda seziladi.
Yuliy Yusupov ta’kidlashicha, ko‘plab mamlakatlarda QQS uchun turli imtiyozli stavkalar joriy etilgan va O‘zbekiston ham shu yo‘nalishni qo‘llashi lozim. U tibbiyot, uy-joy ijarasi, oziq-ovqat, dori-darmon, yo‘lovchi transporti, kommunal xizmatlar, turizm, umumiy ovqatlanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun QQSni 0, 3 yoki 6 foiz etib belgillashni taklif qildi. Bunday chora raqobatni oshirish va inflyatsiyani pasaytirishga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, Yusupov kompaniyalar foydasidan olinadigan soliq va dividend solig‘ini taqsimlanadigan foyda solig‘iga almashtirish g‘oyasini ilgari surdi. Bunday tizim Estoniya, Latviya va Gurjistonda samarali qo‘llanmoqda. Ushbu yechim korxonalarni reinvestitsiyaga rag‘batlantiradi va soliq ma’murchiligini osonlashtiradi.
Iqtisodchiga ko‘ra, bu choralar biznes uchun teng sharoit yaratib, soliq yukini adolatli taqsimlashga yordam beradi. QQSning differensiatsiyalangan stavkalari xizmatlar sohasida soya iqtisodiga qarshi samarali mexanizm bo‘lishi mumkin.





