O‘zbekistonda so‘nggi bir yilda kvartiralar narxi 5,5 foizga qimmatlashdi
2026-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda uy-joy narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga oshdi. Eng katta o‘sish kvartiralar segmentida kuzatilgan bo‘lib, ayniqsa birlamchi bozorda narxlar 7,1 foizga qimmatlashgan.
© vaqt.uz2026-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda turar joy ko‘chmas mulki narxlari 2025-yilning shu davriga nisbatan 4 foizga, joriy yilning birinchi choragiga nisbatan esa 1,3 foizga oshdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, narxlarning eng yuqori o‘sishi kvartiralar bozorida qayd etildi. Kvartiralar bir yil davomida 5,5 foiz, yakka tartibdagi uylar esa 2 foiz qimmatlashgan.
Asosiy ko‘rsatkichlar:
Ko‘rsatkich | 2026-yil I chorakka nisbatan | 2025-yil II chorakka nisbatan |
Uy-joy narxlari | +1,3% | +4,0% |
Kvartiralar | +1,2% | +5,5% |
Yakka tartibdagi uylar | +1,4% | +2,0% |
Bozor segmentlari bo‘yicha narxlar

Statqo‘m hisob-kitoblariga ko‘ra:
● birlamchi bozordagi kvartiralar narxi bir yil ichida 7,1 foiz;
● ikkilamchi bozordagi kvartiralar narxi esa 4,2 foiz oshgan.
Toshkent va boshqa hududlardagi vaziyat
Poytaxtda kvartiralar narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,9 foiz oshgan. Qolgan hududlarda esa narxlar o‘sishi 7 foizni tashkil etgan.
Birlamchi bozorda Toshkentda narxlar 5 foiz, hududlarda esa 8,7 foizga qimmatlashgan. Ikkilamchi bozorda mos ravishda 3,2 foiz va 5,1 foiz o‘sish qayd etilgan.
Yakka tartibdagi hovli uylar segmentida esa qiziqarli tafovut kuzatildi. Joriy yilning birinchi choragiga nisbatan Toshkentda bunday uylar narxi 0,7 foizga arzonlashgan, hududlarda esa 2,8 foizga qimmatlashgan. Biroq yillik hisobda Toshkentda narxlar 1,2 foiz, qolgan hududlarda 2,7 foiz o‘sgan.
2024-yil bazis yil (100%) sifatida olinganda, 2026-yilning II choragiga kelib uy-joy bo‘yicha yig‘ma narx indeksi 106,8% ni tashkil etmoqda. Ya’ni ikki yil ichida mamlakatda ko‘chmas mulk o‘rtacha 6,8% ga qimmatlashgan. Bunda kvartiralar narxi 7,1% ga, yakka tartibdagi uylar esa 6,1% ga yuqorilagan.
Avvalroq Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti may oyida Toshkent shahrida birlamchi va ikkilamchi bozorda uylar narxi haqidagi tahlilini e’lon qilgandi.
Xususan, apreldan may oyigacha ikkilamchi uy-joy bozorida eng katta narx o‘sishi bir xonali xonadonlarda qayd etilgan. Ularning bir kvadrat metri o‘rtacha 5,8 foizga yoki 86 dollarga qimmatlagan.
Birlamchi bozorda esa narxlar eng ko‘p uch xonali xonadonlarda o‘sib, bir oy ichida 2,7 foizga yoki 43 dollarga ko‘tarildi. Bir xonali uylar 1,1 foizga qimmatlagan bo‘lsa, ikki xonali hamda to‘rt va undan ortiq xonali xonadonlar narxi mos ravishda 1,1 va 1,5 foizga pasaydi.






