
O‘zbekistonda sud tizimida sun’iy intellekt joriy etiladi
25.08.2025 | 15:005225
Yangi farmonga ko‘ra, sud tizimi raqamlashtirilib, sun’iy intellekt yordamida ariza va hujjatlar avtomatik tarzda shakllantiriladi. Shuningdek, Sudyalar oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi tashkil etiladi.

«Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–140-son, 21.08.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonda sud ishlarini qog‘oz shaklidan butunlay voz kechib, bosqichma-bosqich elektron tarzga o‘tkazish belgilangan. Sudga ariza bergan shaxs sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining ehtimoliy natijasini va xarajatlarini oldindan bilishi mumkin bo‘ladi. Bu esa murojaatlarning samaradorligini oshirish va fuqarolarning vaqt hamda mablag‘ini tejashga xizmat qiladi.
Shuningdek, murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi, hujjatlar esa avtomatik ravishda shakllantiriladi. Bu jarayon uchun zarur texnik infratuzilma yaratiladi, Oliy sud axborot tizimida sud hujjatlari arxivi moduli ishlab chiqiladi. Sudyalar va xodimlarning raqamli savodxonligini oshirish maqsadida «Kiberxuquq» yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkaziladi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan fuqarolar, advokatlar va yuristlar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushiriladi. Yil yakunigacha sud hujjatlarini avtomatik tayyorlaydigan dastur yaratilishi rejalashtirilgan. 2026 yildan my.sud.uz portalining yangi interaktiv xizmatlari ishga tushiriladi. Sun’iy intellekt asosidagi virtual maslahatchi fuqarolarga huquqiy masalalarda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi hamda sud ma’lumotlarini avtomatik yetkazadi.
Shuningdek, «Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–141-son, 21.08.2025 y.) ham qabul qilindi.
Unga ko‘ra, sudyalar oliy maktabi negizida O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi tashkil etiladi. Bu akademiya sudyalar tayyorlash va amaldagilarning malakasini oshirishda markaziy o‘rin tutadi. Akademiyada nomzodlar 6 oylik qayta tayyorlash kurslarida davlat granti asosida o‘qitiladi. Tinglovchilarga sudya yordamchisi oylik ish haqiga teng stipendiya to‘lanadi. Attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tganlar bo‘sh sudyalik lavozimlariga tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Akademiyada amaldagi sudyalar uchun ham yangi malaka oshirish tizimi joriy etiladi. 5 yillik muddatga tayinlanganlar har ikki yilda, 10 yillik muddatga tayinlanganlar har uch yilda, Oliy sud sudyalari esa har uch yilda kamida bir haftalik kurslarda o‘qitiladi. Samaradorligi past sudyalar uchun esa navbatdan tashqari malaka oshirish belgilanadi.
2026/2027 o‘quv yilidan Akademiyada «Sud faoliyati» mutaxassisligi bo‘yicha magistratura dasturi ochilib, yuqori malakali sud kadrlari tayyorlanadi. Bu orqali mamlakatda odil sudlovga erishish tizimi yanada takomillashishi kutilmoqda.





